Isroil hukumati mamlakatga xorijdan keluvchi barcha fuqarolar 14 kun davomida karantinda saqlanishini ma’lum qildi. Bu haqda hukumat rahbari Benyamin Netanyaxuga tayanib, Jerusalem Post xabar berdi.

Foto: AP Photo

Hukumat qaroriga ko‘ra, xorijdan kelayotgan Isroil fuqarolari 10-martdan karantinga joylashtirilishi kerak, qolgan mamlakat fuqarolariga esa ushbu yangilik 72 soatdan so‘ng taalluqli bo‘ladi.

Bu kabi qaror Isroilda koronavirus bilan kasallanganlar soni 42 kishiga yetganidan so‘ng qabul qilingan. Oradan bir necha soat o‘tgach, mamlakatda kasallikka chalingan yana sakkiz kishi aniqlangan.

“Og‘ir muhokamalardan keyin Isroilga kelayotgan barchani karantinga joylashtirish bo‘yicha qaror qabul qildik. Bu juda og‘ir qaror, ammo fuqarolarimiz sog‘ligi biz uchun muhim. Bu bizning ustuvor vazifamiz”, — deydi Netanyaxu.

Sog‘liqni saqlash vaziri Mosh Bar Siman Tovning qo‘shimcha qilishicha, karantin rejimi Isroil hududiga kirib bo‘lgan fuqarolarga taalluqli emas.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo bo‘ylab 112 427 kishi koronavirus bilan kasallangan. Xitoy Sog‘liqni saqlash ishlari bo‘yicha davlat qo‘mitasi koronavirus eng kamida 2020-yilning iyun oyiga qadar tarqalishda davom etishini e’lon qildi.