Rossiyaning “VimpelKom” telekommunikatsion kompaniyasi koronavirus bilan bog‘liq vaziyat tufayli Beeline xodimlariga masofadan turib ishlashga ruxsat berdi. “RBK”ning xabar berishicha, bu haqda kompaniya bosh direktori vazifasini bajaruvchi Viktor Biryukovning xodimlarga yuborgan xatida aytilgan.

Foto: “Daryo”

Unga ko‘ra 16-martdan boshlab oy oxirigacha xodimlar to‘liq BeeFree masofaviy ishlash rejimiga o‘tishi mumkin. Buning uchun bevosita rahbariyat bilan kelishish talab etiladi.

“Masofadan turib ishlash imkoniyati mart oyining oxiriga qadar saqlanib qoladi, ammo biz vaziyatni rivojlanishini kuzatib boramiz va keyinchalik uning muddatiga ham, shakliga ham o‘zgarish kiritilishi mumkin”, — deyilgan xodimlarga yuborilgan xatda.

Ma’lumot uchun, BeeFree dasturi xodimlarga bir necha kun ofisga kelmasdan turib ishlash imkoniyatidir. U “VimpelKom”da 2016-yildan joriy etilgan bo‘lib, kompaniya bu orqali ofisni ijaraga berish samaradorligini oshirishni maqsad qilgan.

Avvalroq Google koronavirus tufayli o‘z xodimlariga uydan ishlashni tavsiya qilgani, Apple rahbari ham ishchilarga uydan ishlashga ruxsat bergani, Yaponiyada davlat idoralariga xodimlarini uy sharoitida ishlashga o‘tkazish buyurilgani xabar berilgandi.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, dunyo bo‘ylab koronavirus bilan kasallanganlar soni 145 mingga yetdi. Ulardan 71 mingdan ortig‘i davolanishga muvaffaq bo‘ldi, 5429 nafari vafot etdi.