Bosh vazir Abdulla Aripov tomonidan koronavirusga qarshi kurash chora-tadbirlari xususida o‘tkazilgan matbuot anjumanida karantin sharoitida narxlarni sun’iy oshirgan “savdogarlar”ga nisbatan jinoiy jazo tayinlanishi mumkinligi ma’lum qilindi. Bu haqda “Daryo” muxbiri xabar qilgan.

Foto: “Daryo”

“Koronavirusdan vahimaga tushishga hech qanday sabab yo‘q. Davlatimiz unga qarshi turish uchun kerakli chora-tadbirlarni amalga oshirgan. Barcha zaxiralar yaratilgan va tibbiyot xodimlari shay holatda. Pandemiyaga qarshi kurash tajribasi xorijning ilg‘or davlatlaridan o‘rganilmoqda.

Fuqarolarimiz lozim bo‘lgan barcha oziq-ovqat va tibbiyot vositalari bilan ta’minlanadi. Xalqimizning boshiga tushgan sinovdan foydalanib, narxni sun’iy oshirib oladigan qo‘shtirnoq ichidagi tadbirkorlar uchrasa, ular hatto jinoiy javobgarlikka qadar tortiladi”, — deya ta’kidlagan Abdulla Aripov.

Koronavirus sabab O‘zbekistonda Navro‘z sayillari bekor qilingan. Hukumat O‘zbekistondagi diniy idoralarga diniy marosimlar o‘tkazishni vaqtincha cheklash bo‘yicha iltimos bilan murojaat qilgan. O‘zbekiston koronavirus sabab avia va avtoqatnovlarni to‘xtatdi, chet elda qolgan vatandoshlar charter reyslarda qaytarilishi mumkinligi ham mazkur brifingda ma’lum qilingan. Koronavirus sabab O‘zbekistondagi barcha maktablar, bog‘chalar va OTMlar karantinga yopilgan, ta’lim muassasalaridagi karantin uch haftagacha davom etishi mumkin.