Moskva shahri meri Sergey Sobyanin shaharda koronavirusni yuqtirganlar soni rasmiy ravishda e’lon qilinganidan ko‘proq ekani haqidagi gap-so‘zlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini aytdi, deb yozadi “RBK”.

Foto: “TASS”

Sobyaninning so‘zlariga ko‘ra, poytaxt hukumati fuqarolarni infeksiyaning barcha tasdiqlangan holatlari haqida xabardor qilishdan manfaatdor, chunki bu kasal bilan kimlar aloqa qilganini va vaziyatni lokalizatsiya qilishga imkon beradi.

“Biz fuqarolarga nima yuz berayotgani haqida o‘z vaqtida aytmagan bironta ma’lumot yo‘q”, — deydi Moskva meri.

Rossiyada ayrim messenjerlardagi guruhlarda mamlakatda koronavirusni yuqtirganlar soni 20 mingga yetgani haqida xabarlar tarqalgan edi.

Sobyaninning fikricha, Moskvada koronavirus bilan bog‘liq vaziyat dunyoning ko‘plab mamlakatlaridagidan ko‘ra yaxshiroq.

“Butun dunyoda muassasalarni yopish, transport harakatini to‘xtatish kabi qat’iy choralar ko‘rilayotgan bir paytda Moskvada odatiy hayot tarzi kechmoqda”, — deydi u.

Rossiyada 13-mart holatiga ko‘ra, 45 kishida koronavirus aniqlangan, ularning 42 nafari rossiyalik, ikki nafari xitoylik va bir nafari Italiya fuqarosi hisoblanadi. Avvalroq Rossiya Sog‘liqni saqlash vazirligi sakkiz kishi, shu jumladan, barcha xorijliklar sog‘aygani va kasalxonadan chiqarilganini ma’lum qilgan.