15-mart kuni Bosh vazir Abdulla Aripov tomonidan koronavirusga qarshi kurash chora-tadbirlari xususida matbuot anjumani o‘tkazilgan, unda O‘zbekiston xorij davlatlari bilan avia va avtoqatnovlarni to‘xtatishini ma’lum qilgan edi. Davlat bojxona qo‘mitasining ta’kidlashicha, ushbu cheklovlar savdo yuklarining harakatiga ta’sir ko‘rsatmaydi.

Foto: “Daryo”

“Mazkur yig‘ilish tafsilotlari ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinganidan so‘ng, ayrim tashqi iqtisodiy faoliyat bilan shug‘ullanuvchi fuqarolar tomonidan eksport-import tartibida transport vositalarida tashilayotgan yuklar ham chegaradan o‘tkazilmas ekanda degan ortiqcha xavotirlar bildirilmoqda.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, mazkur cheklovlar yuk avtomobillari, avia, temir yo‘l, daryo transportlarida yuk tashish bilan shug‘ullanuvchi shaxslar, ularning transport vositalari va tashilayotgan tashqi savdo yuklariga taalluqli emas”, — deyiladi xabarda.

Chegara o‘tkazish hududlarida mazkur tashuvlarni amalga oshirayotgan shaxslar va ularning transport vositalari tegishli tartibda tekshiruvlardan o‘tkazilib, respublika orqali harakatlanishiga ruxsat beriladi.

Eslatib o‘tamiz, 15-mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalinish bilan bog‘liq birinchi holat qayd etildi. Koronavirus bilan kasallangani O‘zbekistonda aniqlangan ilk bemor — ayol kishi, Toshkent shahridan. U Fransiyada bir haftadan ortiq bo‘lib, so‘ng Vatanga qaytgan. Ayol qaytgan reysda, birlamchi ma’lumotlarga ko‘ra, 48 yo‘lovchi, shuningdek, ekipaj a’zolari bo‘lgan. Ularning barchasi izolyatsiyaga olinmoqda.