“O‘zbekoziqovqatxolding” kompaniyasi O‘zbekistonda oziq-ovqat mahsulotlari taqchilligi bo‘lmasligini ma’lum qildi.

Foto: “Daryo”

Kompaniya matbuot xizmatining xabar berishicha, O‘zbekiston oziq-ovqat sanoatida 12 mingdan ziyod korxona ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. Bugungi kunda ushbu korxonalar o‘z rejimida ishlamoqda.

Korxonalarning aksariyatida ish 1 smenada tashkil etilgan va quvvatlarning 70 foizidan foydalanilmoqda. Ularda yana qo‘shimcha 30 foiz quvvatni ishga solish va ishni 2 smenada yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari mavjud.

Ta’kidlanishicha, mamlakatda 98 foiz oziq-ovqat mahsulotlari mahalliylashtirilgan. Deyarli barcha xomashyo O‘zbekistonda yetishtiriladi. Chetdan kakao va qahva donlari, sitrus mevalar kabi mahsulotlar import qilinadi.

Avvalroq Davlat soliq qo‘mitasi raisi oziq-ovqat mahsulotlari narxi nazoratga olinishini ma’lum qilgandi.