Koronavirus bilan bog‘liq vaziyatga oid yolg‘on xabar tarqatgan Telegram’dagi kanallar mualliflariga Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligidan ogohlantiruv xatlari kelmoqda. Tarmoqdagi muhokamalarda buni senzuraning boshlanishi deya baholashmoqda. AOKA direktori birinchi o‘rinbosari Dilshod Saidjonov ushbu holatga izoh berdi, deb xabar qiladi “Kun.uz”.

Foto: “Daryo”

Dilshod Saidjonovning aytishicha, bu hech qanday senzura emas, faqat xavfsizlik nuqtayi nazaridan hamda fuqarolarga qonunchilikni eslatib qo‘yish uchun shunday xabarlar yuborilmoqda.

Afsuski, ko‘pchilik qonunlarni o‘qimaydi. “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi qonunning 12-1-moddasi veb-sayt egasi, shuningdek, blogerlarga bag‘ishlangan. Ushbu qonunda qanday axborotni tarqatish mumkin emasligi aniq yozib qo‘yilgan.

Ya’ni muammo nimada? Bu koronavirus haqida tarqatilgan axborot haqida emas. Muammo shuki, rasm yoki video olinyapti va shu rasm, videoga sharh berilyapti. Masalan: “Mana, Toshkentda oziq-ovqat bo‘yicha muammo bo‘lyapti, aholi to‘plangan. Oziq-ovqat yetmaydi. Taqchillik yuzaga keladi” degan xabarlar tarqab ketdi. Telegram’dagi guruhlarda, har xil kanallarda va Facebook sahifalarida shunday xabarlar tarqaldi.

Bir tomondan, fuqarolarimizni tushunaman. Ular tezkorlik bilan ma’lumot berishga harakat qilishadi. Faqat ularning qoldirayotgan izohlari qonunchilikka zid hisoblanadi. Buni ular bilmagani uchun yozishmoqda, lekin bilgan ham, bilmagan ham qonun oldida teng.

Shuning uchun biz aholi orasida vahima uyg‘otuvchi axborotlar tarqatayotganlar jinoiy javobgarlikka tortilishining oldini olish maqsadida qonundagi normalarni eslatishni joiz deb bildik.

Jinoyat kodeksining 244-1-moddasida aholi orasida vahima uyg‘otuvchi xabarlar tayyorlash va tarqatishga javobgarlik belgilangan. Ushbu moddaning yana bir muhim jihati – mazkur xabarlar ommaviy axborot vositasi orqali yoki internet orqali tarqatilsa, 5 yildan 8 yilgacha qamoq jazosi belgilangan.

Ushbu javobgarliklarni fuqarolarimizga eslatish uchun biz ogohlantiruv xatlari bilan chiqishga majbur bo‘ldik. Chunki bizga bunday asossiz vahimalar kerak emas. Vahima nima oqibatga olib kelishiga tarix guvoh.

Bosh vazir Abdulla Aripov ham OAV va blogerlar bilan bo‘lgan yig‘ilishda barcha oziq-ovqat mahsulotlari yetarli ekanini aytib o‘tgan edi. Shunga qaramasdan vahimali axborotlar tarqadi. Shuning uchun biz majbur bo‘ldik.

Dilshod Saidjanov, AOKA birinchi o‘rinbosari

Shuningdek, AOKA rahbari koronavirusga chalingan ayol haqidagi ma’lumotlar tarqab ketganiga ham o‘z munosabatini bildirdi.

“Koronavirusga chalingan ayol haqida shaxsiy ma’lumotlar Telegram kanallarida tarqalib ketdi. Agentlik tomonidan ogohlantiruvchi tizim ishlab chiqilgan. Fuqarolar ushbu xatolarni qilmaslik uchun biz guruh adminlariga ushbu xatlarni yuboryapmiz. Xatlarimizda ularning xatosini isbotlab ko‘rsatyapmiz hamda nima javobgarlikka olib kelishini ham eslatib o‘tyapmiz.

Qonunni buzganini tushunganlar xabarni olib tashlayapti. Olib tashlamaganlari bilan esa huquqni muhofaza qiluvchi organlar huquqiy baho berishi kerak”, — deydi Saidjonov.

Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyatining Oltinko‘l tumanida yashovchi 14 nafar fuqaro koronavirus aniqlangan shifokor ayol bilan Fransiyadan bir samolyotda uchib kelganligi hamda ular nazoratda ekanligi to‘g‘risida xabarlar rad etilgandi. O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov agar birorta fuqaro o‘zi bilganicha, noto‘g‘ri fikrlar aytib, aholini vahimaga soladigan axborot tarqatsa, jinoiy javobgarlikka tortilishini ma’lum qilgandi.