Britaniyalik aktyor Idris Elba COVID-19 koronavirusini yuqtirib oldi, deb xabar berdi “RBK”.

Foto: “TASS”

“Bugun ertalab COVID-19 koronavirusiga test topshirdim, natija ijobiy chiqdi. O‘zimni yaxshi his qilmoqdaman, simptomlar hozircha yo‘q, shunday bo‘lsa ham izolyatsiyadaman”, deb yozadi aktyor Twitter’dagi sahifasida.

Aktyor o‘zida koronavirus aniqlanganidan vahimaga tushmayotganini aytib, muxlislarini kasallik qanday kechayotganidan boxabar qilib turishini qo‘shimcha qildi.

Idris Elba rejissor Kennet Brananing “Tor” filmidagi ijrosidan so‘ng tanildi.

Shuningdek “Rok-n-rolchi”, “Katta o‘yin”, “Tinch okeani chegarasi” kabi filmlardagi rollari ham unga shuhrat keltirgan.

Avvalroq aktyor Tom Xenks va uning rafiqasi hamda aktrisa Olga Kurilenkoda ham koronavirus aniqlangani haqida xabar berilgan edi.

Eslatib o‘tamiz, hozirda O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasini yuqtirib olish bilan bog‘liq holatlar soni o‘ntaga yetdi.