Koronavirus infeksiyasi tarqalishining iqtisodiyotga ta’sirini ish darajasi, inflyatsiya va yalpi ichki mahsulot (YaIM) kabi doimiy ko‘rsatkichlar bilan baholash qiyin, chunki bu ma’lumotlar ko‘pincha bir oyga kechikib e’lon qilinadi. Shundan kelib chiqib, Bloomberg agentligi iste’molchilarning vaziyatga munosabatini kuzatib borish va o‘z vaqtida ma’lumot olish imkoniyatini beradigan beshta ko‘rsatkichdan foydalanishni taklif qildi.

Foto: Getty Images

Agentlikning qayd etishicha, iste’molchilarning sarf-xarajatlari dunyo iqtisodiyotining 70 foizini tashkil qiladi, shuning uchun har qanday faoliyatning to‘xtatilishi salbiy oqibatlarga, xususan, uning o‘sishiga imkon bermasligi yoki pasayishiga olib kelishi mumkin. Hozirgacha bir qator iqtisodiyot tarmoqlari koronavirusdan zarar ko‘rib bo‘ldi.

Bunda agentlik birinchi galda mehmonxonalar tarmoqlarini qayd etib o‘tgan. STR tadqiqot kompaniyasining ma’lumotlariga ko‘ra, 2020-yil mart oyining birinchi haftasida AQShdagi mehmonxonalarning to‘ldirilganlik darajasi o‘tgan yilgi 66,6 foizdan 61,8 foizgacha pastlagan. Infeksiya avj olgan Sietlda esa bu ko‘rsatkich 52,3 foizgacha pasaygan.

Ikkinchi ko‘rsatkich — chakana savdo. Johnson Redbook tadqiqotiga ko‘ra, iste’molchilar asosan birinchi ehtiyoj tovarlarini sotib ola boshlagan. Jumladan, mart oyining birinchi haftasida dori-darmonlar, tozalash vositalari, uy-ro‘zg‘or buyumlari, oziq-ovqat mahsulotlari va qadoqlangan ichimlik suvi savdosi oshgan.

Uchinchi ko‘rsatkich — kinoteatrlardagi kassa yig‘imlari. Koronavirus tufayli kinokompaniyalar premyeralarni keyinga qoldirmoqda. Jumladan, Jeyms Bond haqidagi yangi film — “O‘lim vaqti emas”ning premyerasi koronavirus epidemiyasi tufayli olti oyga qoldirildi. AQSh bozorida yetakchi bo‘lgan AMC Theatres kinoteatrlar tarmog‘i chiptalarni ikki baravar kamaytirishini ma’lum qilgan.

Koronavirusga qarshi kurash choralari teatr sanoatiga ham ta’sir ko‘rsatdi (to‘rtinchi ko‘rsatkich). Nyu-Yorkda Brodveydagi teatrlar 12-aprelga qadar yopilgan. Mart oyining birinchi haftasida tomoshabinlar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 6,5 foizga kamaygan.

So‘nggi ko‘rsatkich — bu iste’molchilar ishonch indeksidir. Qayd etilishicha, ushbu indeks qatorasiga oltinchi hafta pasaymoqda. Bu 2015-yildan buyon eng uzoq davom etgan qulashdir. Iste’mol bozoriga birinchi o‘rinda fond bozorlarining pasayishi ta’sir ko‘rsatdi. Biroq hozircha vaziyat 2007—2009-yillardagi jahon iqtisodiy inqiroz davridagi kabi “iqtisodiy vahima” keltirib chiqargani yo‘q.

Avvalroq Bloomberg ekspertlari koronavirus jahon iqtisodiyotiga 2,7 trillion dollargacha zarar keltirishi mumkinligidan ogohlantirgandi.