Koronavirus pandemiyasi juda ko‘p davlatlarda shu vaziyatni vujudga keltirdi: karantin e’lon qilinishi, jamoat joylarining yopilishi e’lon qilingach, ba’zi tovarlarni ommaviy ravishda sotib olish boshlandi. Qaysi xalq nimani ko‘proq iste’mol qilishiga qarab o‘sha mahsulotlarning peshtaxtalari bir kundayoq, bir necha soatdayoq bo‘shab qoldi. Butun dunyo bo‘ylab makaron, antiseptik vositalar, hojatxona qog‘ozi, tibbiy niqob kabilarga talab oshib ketdi va ular eng ko‘p sotilgan tovarlar bo‘ldi. O‘zbekistonda ham bu holat kuzatildi, shuningdek, milliy oshxonaning asosini tashkil qiladigan guruch, yog‘ kabi mahsulotlar ham ko‘p xarid qilindi.

Foto: Sarvinoz Omonova

Biz xavfli kasallik kirib kelgan vaziyatda fuqarolar orasida namoyon bo‘lgan vahima, sarosima kayfiyatiga izoh berishni so‘rab psixolog Sarvinoz Omonovaga savollar bilan murojaat etdik.

- Nega bu holat yuz beryapti? Odamlar vahimaga berilib, do‘konlar bo‘shab qolishi darajasida mahsulotlarni xarid qilishiga sabab nima? Ba’zi internet foydalanuvchilari odamlarning bunday xulq-atvorini qoralab, boshqalarni o‘ylamaslikda ayblamoqda. Bu ayblov qanchalik o‘rinli?

- Ommaviy vahimaning uch darajasi farqlanadi. Biz kuzatib turgan holat o‘rta darajadagi vahimadir. Bunday paytda yuz berayotgan hodisalarga baho berishda onglilik, tanqidiylik susayadi, qo‘rquv oshadi, tashqi ta’sirlarga berilish osonlashadi. Inson psixologiyasi shunday – boshqa birovning xulq-atvoridan nusxa ko‘chirishga moyil. Ommaviy ahamiyatli voqealarda intellektning boshqaruvi susayadi va anglanmagan xatti-harakatlarga bo‘ysunamiz.

Ayni vaqtda koronavirus pandemiyasi yuzga keltirgan vaziyatni tahlil qilsak:

Birinchidan, ommaviy axborot vositalarining ta’siri kuchli bo‘ldi. Ba’zi mamlakatalarda koronavirus aniqlangani haqidagi ilk xabardanoq do‘konlardan birlamchi iste’mol mahsulotlari katta miqdorda sotib olina boshlandi. Ijtimoiy tarmoqlarda, internet nashrlarida Yevropa va Amerikadagi bo‘shab qolayotgan supermarketlarning peshtaxtalari suratlari tarqalib ketdi. Hali koronavirus kirib kelmagan davlatlar aholisida “demak, shunday yo‘l tutish kerak ekan, koronavirus kirib kelganda tezda borib eng kerakli narsalarni iloji boricha ko‘p sotib olish kerak ekan” degan tasavvur hosil bo‘ldi. Bu holatda odamning ijtimoiy mavjudot sifatida boshqalarning xulq-atvoridan namuna olishini ko‘rib turibmiz.

Foto: Spot

Ikkinchidan, ommaviy vahima vaqtida saqlanish instinkti kuchayadi. Har kim o‘zining joni omon qolishi uchun kurashadi. Koronavirus bilan bog‘liq vaziyatda omma bemorlar va shifokorlar uchun tibbiy niqoblarning yetishmasligi, boshqalarning och qolishi haqida o‘ylab o‘tirmadi. Instinktlar ta’sirida ish tutdi va och qolmaslik, himoyalanish uchun zarur vositalarni g‘amlab qo‘yishga shoshildi.

Hech kim vaziyat haqida to‘liq xabardor emas, virus qachon chekinishi, qachon unga qarshi vaksina paydo bo‘lishini, kasallanish xavfi qay darajada kuchli ekanini birov aniq bilmaydi. Odamlar gigiyena qoidalariga rioya qilyapti-yu, ammo bu boradagi harakatlarni doimiy ravishda ongli boshqarish qiyin. Savollar ko‘p, javoblar yo‘q. Xavotirni bosish, vaziyatni boshqara olish imkoniyati oz bo‘lsa ham borligini his qilish uchun odamlar imkoni bor ishni qildi: zarur narsalarni sotib oldi.

Uchinchidan, odamlar birlamchi iste’mol mahsulotlarining narxlari oshib ketishi, do‘konlarda qolmasligidan xavotir oldi. Aqliy mulohazaga tayanganlar ham do‘konlarning peshtaxtalari bo‘shab qolishiga hissa qo‘shdi.

Yuqoridagi omillardan kelib chiqib, xalqni, ommani ayblab bo‘lmaydi.

- Ushbu vaziyatni to‘xtatish uchun, odamlarda xavotirni pasaytirish uchun nima qilish kerak?

- Avvalo, koronavirusga chalinish holati aniqlanganiga qadar davlat nafaqat kasallik bilan kurashishi, uning tarqalishga yo‘l qo‘ymaslikka hozirlanishi kerak edi – balki xalqni ham psixologik jihatdan tayyorlashi kerak edi. Narx-navo oshib ketmasligi, mahsulotlar zaxirasi tugab qolmasligi, eksport to‘xtamasligini oldindan ma’lum qilish mumkin edi. Mamlakatda ilk bor koronavirusga chalingan bemor aniqlangach, yuqoridagi ishlar qilindi, ammo ungacha do‘konlarning peshtaxtalari bo‘shashga ulgurdi. Endi narx-navoni nazorat qilish, ba’zi mahsulotlarni kishi boshiga chegaralangan miqdorda sotish qoidasiga amal qilish kabi ishlar bilan odamlarda xavotirni susaytirish mumkin.

Xalq vahima tug‘ilganda ommaga aylanadi, omma esa yosh bolaga o‘xshaydi. Bola nimani xohlaydi? Himoyani. Hozirgi vaziyatda odamlarimizga himoyalanganlik hissini berish lozim.