Tibbiy niqoblar ishlab chiqaruvchi korxona xodimasi Xurshida Ahmedova 2020-yilning individual himoya vositasi – tibbiy niqoblar narxi oshishining sababini tushuntirdi. Bu haqda O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmasevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi xabar bermoqda.

Foto: “Daryo”

“2020-yilda koronavirus sababli tibbiy niqoblarga talab keskin oshib ketdi va biz hamyurtlarimizdan yuzaga kelgan vaziyatga tushunish bilan munosabatda bo‘lishni so‘raymiz. Korxonamizning ishlab chiqarish quvvati kuniga 60 ming niqobni tashkil qiladi. Bugun biz Buxoro, Samarqand va Toshkent viloyatiga niqoblar jo‘natdik”, — deydi Ahmedova.

Uning ta’kidlashicha, tibbiy niqoblar narxining oshishiga ularni ishlab chiqarishda qo‘llanadigan xomashyo qimmatlashgani sabab hisoblanadi. “Xomashyo qimmatlashgani sababli narxni oshirishimizga to‘g‘ri kelmoqda”, — deya tushuntiradi korxona xodimasi.

Ahmedovaning qo‘shimcha qilishicha, iste’molchilar O‘zbekistonda ishlab chiqariluvchi niqoblarning sifatiga shubha qilmasalar ham bo‘ladi.

Avvalroq “O‘zto‘qimachiliksanoat” assotsiatsiyasi O‘zbekistonda bir kunda 500 ming dona tibbiy niqob ishlab chiqarilayotgani, mamlakatdagi ishlab chiqarish quvvatlari bir kunda tayyorlanadigan niqoblar sonini ikki million donagacha yetkazish imkonini berishini ma’lum qilgandi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirus yuqtirib olganlar soni sakkiz nafarga yetdi. 15-mart, yakshanba kuni, bir muddat avval Fransiyada bo‘lib qaytgan o‘zbekistonlik ayolda koronavirus aniqlangani haqida xabar berilgan edi. Keyinchalik uning o‘g‘li, qizi, turmush o‘rtog‘i va nevarasida ham virus aniqlangani ma’lum qilingan edi.