O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Foto: “Daryo”

Qayd etilishicha, aholini ro‘yxatga olish O‘zbekiston Respublikasining aholisi to‘g‘risida ishonchli va xolis axborot yig‘ish hisoblanadi.

Qonunga muvofiq, aholini ro‘yxatga olishning asosiy prinsiplari quyidagilar etib belgilandi:

  • davriylik;
  • umumiylik va bir paytdalik;
  • ro‘yxatga olishning yakka tartibdaligi;
  • shaxsga doir ma’lumotlarning maxfiyligi;
  • aholini ro‘yxatga olishni boshqarishning markazlashtirilganligi.

Qonunga ko‘ra, aholini ro‘yxatga olish sohasini davlat tomonidan tartibga solish Vazirlar Mahkamasi, O‘zbekistonda aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazishga ko‘maklashish bo‘yicha respublika komissiyasi, aholini ro‘yxatga olish sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi bo‘lgan Davlat statistika qo‘mitasi, shuningdek, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan o‘z vakolatlariga muvofiq amalga oshiriladi. Qonun bilan ushbu organlarning mazkur sohadagi vakolatlari belgilandi.

Shuningdek, aholini ro‘yxatga olishni tashkil etish uchun mas’ul bo‘lgan vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralar maxsus vakolatli davlat organiga aholini ro‘yxatga olish sohasidagi vazifalarni bajarish yuzasidan ko‘maklashishi belgilab qo‘yildi.

Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.

Eslatib o‘tamiz, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan 2019-yil noyabr oyida qabul qilingan mazkur qonun Senat tomonidan 2020-yilning fevral oyida bo‘lib o‘tgan ikkinchi yalpi majlisda ma’qullangan.