Britaniyaning Coldplay guruhi a’zolari, jumladan uning yetakchisi Kris Martin koronavirus pandemiyasi tufayli uyda o‘tiribdi, deb yozadi Meduza.

Foto: “TASS”

Biroq karantin konsert bermaslik uchun asos bo‘la olmaydi. Shuning uchun akustik gitara va pianino bilan qurollangan Martin Instagram orqali muxlislariga konsert berdi.

Xonanda mini-konsertda muxlislar buyurtmasiga ko‘ra qo‘shiqlar ijro etdi. Jonli efirda u Coldplay’ning “Green Eyes”, “Yellow”, “Viva La Vida” qo‘shiqlarini kuyladi. Shuningdek Martin Devid Bouining “Life on Mars” qo‘shig‘ining kaver-versiyasini ham ijro etgan.

Translyatsiya Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) va Global Citizen xayriya festivali tomonidan tashkil etilgan “Together, at Home” (“Birgalikda, uyda”) aksiyasi doirasida efirga uzatildi.

Bu koronavirusga qarshi kurashish uchun mablag‘ yig‘ish kampaniyasining bir qismi. Tashkilotchilar aprel oyining oxiriga qadar 675 million dollar yig‘ishni rejalashtirmoqda.

Keyingi onlayn konsertni amerikalik xonanda Jon Lejend beradi.

Avvalroq Yevropada koronavirus qayd etilmagan birorta davlat qolmagani, shuningdek AQShning barcha shtatlarida ushbu infeksiyani yuqtirish holatlari aniqlangani haqida xabar berilgan edi. Bir necha taniqli aktyorlarda ham ushbu kasallik aniqlandi.

Xususan, aktyor Tom Xenks va uning rafiqasida, “Taxtlar o‘yini” yulduzi Kristofer Xivyuda, britaniyalik aktyor Idris Elba hamda aktrisa Olga Kurilenkoda ham koronavirus aniqlangan.