O‘zbekistondagi barcha maktabgacha ta’lim muassasalari, maktablar va OTMlar koronavirus infeksiyasiga qarshi profilaktika maqsadlarida 16-martdan boshlab karantinga yopilgani haqida xabar berilgan edi.

Foto: Xalq ta’limi vazirligi

Bosh vazir Abdulla Aripov va xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov karantin vaqtida darslar telekanallar orqali namoyish etilishini ma’lum qilgan edi.

Xalq ta’limi vazirligi tomonidan ma’lum qilinishicha, o‘quvchilar uchun tayyorlangan teledarslar 30-martdan boshlab “Oilaviy”, “Madaniyat va ma’rifat”, “Dunyo bo‘ylab” va “Yoshlar” telekanallarida namoyish etib boriladi.

Videodarslarning namoyish vaqtlari vazirlikning saytida va ijtimoiy tarmoqlarida e’lon qilib boriladi. Videodarslar o‘zbek, qoraqalpoq va rus tillarida namoyish etiladi hamda ulardan mavzuning asosiy mohiyati, amaliy darslar va uy vazifalari o‘rin oladi.

Foto: Xalq ta’limi vazirligi

Har birining davomiyligi 15 daqiqani tashkil etadigan darslar 1—11-sinflar uchun mo‘ljallanadi. Shuningdek, videodarslar Xalq ta’limi vazirligi saytiga va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalariga ham joylashtiriladi.

O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar soni 18 nafarga yetdi. 11-mart kuni Fransiyadan qaytgan, O‘zbekistondagi rasman birinchi koronavirus tashuvchisiga aylangan oliy toifali shifokor ayolning onasi, kelini va birga ishlaydigan hamkasbida ham koronavirus aniqlangan.