Rossiya O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston bilan avia va temiryo‘l qatnovlariga o‘zaro cheklov kiritgan yo keskin qisqartirgani sabab ushbu davlat fuqarolari mamlakatda qolib ketmoqda, deb xabar beradi “Kommersant”.

Foto: “Kommersant”

Nashr muxbiri har uch davlatning Rossiyadagi elchilari bilan bog‘lanib, bu davlatlar o‘z fuqarolariga vatanlariga qaytish yoki karantinni Rossiyada o‘tkazish borasida qanday yordam ko‘rsatayotganiga qiziqqan.

COVID-19 koronavirusi tufayli Rossiya chegaralarning yopilishi hamda avia va temiryo‘l qatnovlarining bekor qilinishi Markaziy Osiyo davlatlari — O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikistondan kelgan yuz minglab mehnat migrantlarining rejalarini o‘zgartirib yubordi. Gap shundaki, an’anaga ko‘ra, aynan bahor faslida ishchilar Rossiyaga ishlash uchun yo‘l olishadi va kech kuzda vataniga qaytishadi. Rossiyada qishda ishlagan migrantlar esa Navro‘z bayramini uyda nishonlashga harakat qiladi.

Biroq mehnat migrantlari bayramga o‘z oilalari bag‘riga qaytishi qiyin masala. O‘zbekiston boshqa davlatlar bilan avia va temiryo‘l qatnovlarini to‘liq yopdi, Uzbekistan Airways milliy aviakompaniyasi esa faqat Moskva va Dubaydan charter reyslar tashkil etilishini va’da qilmoqda. Shuningdek, barcha yo‘lovchilar Toshkentga kelishi bilan ikki haftalik karantinga joylashtiriladi.

O‘zbekistonning Rossiyadagi elchisi Botirjon Asadovning “Kommersant”ga ma’lum qilishicha, bunday charter reyslarning birinchisi seshanba kuni amalga oshirilgan. Rossiya hukumati bilan o‘zbekistonlik fuqarolarni nafaqat Moskvadan, Rossiyaning boshqa hududlaridan qo‘shimcha charter reyslar amalga oshirish masalasi ko‘rib chiqilmoqda. “Bu reyslarga chiptalar pullik. Bundan tashqari, ikki mamlakat hukumatlarining kelishuviga ko‘ra, 17-mart kuni Qozon vokzalidan Toshkentga ikkita maxsus poyezd yo‘l oldi. 18-mart kuni yana bir poyezd yo‘lga chiqishi kutilmoqda”, — deydi elchi.

Asadovning so‘zlariga ko‘ra, elchixona “vatanga qaytish istagida bo‘lgan vatandoshlar haqida ma’lumot to‘plamoqda”, qolganlarni esa “vahimaga berilmasdan, Rossiya hukumati tomonidan tavsiya etilayotgan virusga qarshi kurashish chora-tadbirlariga amal qilish”ga chaqirmoqda.

Moliyaviy muammolarni mehnat migrantlarining ahvoliga allaqachon ta’sirini o‘tkazgan rubl kursi ham yanada chuqurlashtirishi mumkin.

Migrant.mobi portali asoschisi, yurist Botirjon Shermuhammedov migrantlar yopiq chegaralar sharoitida to‘qnash kelayotgan byurokratik muammolarga ham e’tiborni qaratdi.

“Migrant o‘z migratsion kartasini yangilash uchun Rossiya chegarasiga boradigan holatlar juda ko‘p. Agar patentga vaqtida hujjat topshira olmasa, 10—15 ming rubl jarima to‘lash yoki Qozog‘iston chegarasiga borib, uni kesib qaytib kirish tanlovi bor. Bu bir yarim sutka vaqtni oladi, lekin arzonroq — 7—8 ming rubl. Migrantlar ko‘proq ikkinchi variantni tanlashadi, garchi bunday yo‘nalishni taklif etayotgan tashuvchilar noqonuniy ishlashadi, chegarachilar esa gohida pora talab qilishadi”, — deydi Shermuhammedov.

Tojikiston aviaqatnovni keskin kamaytirdi va Rossiya bilan temir yo‘l aloqalarini butunlay to‘xtatdi. Tojikistonning Moskvadagi elchisi Imomiddin Sattorov barcha tojik ishchilari va talabalarini Rossiyadan evakuatsiya qilishning iloji yo‘qligini tan olgan va shuning uchun Rossiya hukumatidan ularni qolish shartlarini buzganliklari uchun jazolamaslikni so‘ragan.

Qirg‘iziston Moskva bilan aviaqatnovni saqlab qolgan, ammo Yekaterinburg, Rostov-Don va Sankt-Peterburgga reyslarni to‘xtatdi, poyezdlar qatnovi esa butunlay bekor qilindi. “Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi aviaqatnov hali bekor qilinmaganligi va fuqarolarning chiqib ketishlari uchun hech qanday to‘siqlar yo‘qligi sababli, evakuatsiya masalasi ham hozircha ko‘rib chiqilmayapti”, — dedi Qirg‘izistonning Moskvadagi elchisi Alikbek Jekshenkulov. Bugun, 18-mart kuni Qirg‘izistonda ham koronavirus bilan kasallanish holati qayd etildi.