Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi rahbari Nurmat Otabekovning ta’kidlashicha, koronavirusni insoniyat yengishga qodir. U bu haqda 17-mart, seshanba kuni, matbuot anjumanida ma’lum qildi, deya xabar bermoqda “Daryo” muxbiri Musulmonbek Ibrohimov.

Foto: UzReport

Anjumanda inspeksiyasi rahbarining ma’lum qilishicha, koronavirus kasalligi 65 yil avval aniqlangan bo‘lib, ushbu virus tabiatda butunlay yo‘q bo‘lib ketmaydi.

Demak biz koronavirusga yana ro‘baro‘ kelishimiz mumkin. Lekin shu paytgacha odamlarda bu kasallik chaqirmagan bo‘lsa, mana hozirgi holatdagi COVID-19 shtammpi odamlarda ham kasallik chaqirish mumkinligi isbotlandi va biz unga ro‘baro‘ kelib turibmiz.

Eng asosiysi, koronavirusga qarshi vaksinalar ishlab chiqarish, uni butunlay davolab yuborish uchun dori vositalarini ishlab chiqarish bo‘yicha butun dunyoda izlanishlar ketmoqda. Mening nazarimda, COVID-19 virusi bilan chaqirilgan kasallikni yengishga insoniyat qodir.

Ushbu pandemiyani davomiyligi bo‘yicha har xil bashoratlar aytilmoqda. Isbotlangan bir jihat borki, havo harorati qancha yuqori va havo nechog‘lik quruq bo‘ladigan bo‘lsa, havodagi viruslar miqdori keskin kamayadi. Umuman, o‘tkir respirator kasalliklar – gripp kasalligi ham koronavirus kasalligi ham mavsumiy kasallik. Bular asosan kuz, qish va bahor mavsumlarida bo‘ladi.

Nurmat Otabekov, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi rahbari