O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasini yuqtirib olgan fuqarolar soni 13 nafarga yetdi. Bu haqda O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabar bermoqda.

So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, Istanbuldan kelgan O‘zbekiston fuqarosi va Londonda bo‘lib qaytgan yana bir O‘zbekiston fuqarosining turmush o‘rtog‘ida ham koronavirus infeksiyasi aniqlangan.

“Har ikki fuqaro ham qat’iy tibbiy nazoratda bo‘lgan. Bemorlarning ahvoli hozircha qoniqarli bo‘lib, shifokorlar tomonidan davolash muolajalari olib borilmoqda”, — deyiladi vazirlik axborotida.

Qo‘shimcha qilishlaricha, infeksiya tarqalib ketishining oldini olish maqsadida olib borilayotgan epidemiologik surishtiruv ishlari davom ettirilmoqda.

Bungacha 11-mart kuni Fransiyadan (virus 15-mart kuni aniqlangan), 14-mart kuni Buyuk Britaniyadan, 15-mart kuni Turkiyadan qaytgan, shuningdek, Dubaydan qaytgan jami to‘rt nafar fuqaroda koronavirus infeksiyasi aniqlangani haqida xabar berilgan edi.

Bundan tashqari, Fransiyadan qaytgan fuqaroning o‘g‘li, qizi, turmush o‘rtog‘i, nevarasi va bir qarindoshida, Turkiyadan qaytgan birinchi bemorning rafiqasi va ular bilan bir reysda bo‘lgan yana bir fuqaroda ham kasallik aniqlangani ma’lum qilingan edi.