Hindiston kinochilar shahri — Bollivud koronavirus tarqalishi munosabati bilan ko‘plab filmlarning suratga olish jarayonlarini bekor qildi, deb xabar berdi “Kulturomaniya”.

Foto: Times of India

Barcha film, serial va reklama roliklari suratga olish jarayonlari 31-martga qadar to‘xtatildi.

“Mamlakat, jamiyat va Hindiston kinosanoatining barcha xodimlari manfaatini ko‘zlab, suratga olish jarayonlarini to‘xtatish haqida qaror qabul qilindi”, — deydi Hindiston kinoprodyuserlari va televideniyesi kengashi prezidenti Jamnadas Majetiya.

Kengash, shuningdek, xorijda suratga olish jarayonlari uchun jo‘nab ketgan kinochilarni ham tezroq Hindistonga qaytishga chaqirgan.

Mamlakatda koronavirus yuqtirib olganlar soni 170 kishidan oshdi. Tahlilchilar koronavirus tufayli katta loyihalar moliyaviy zarar ko‘rishini bashorat qilmoqda. Katta loyihalar orasida Amir Xon ijrosidagi “Forrest Gamp”ning hindcha remeyki ham bor. Ushbu loyiha boshqa kino va seriallar qatori muzlatib qo‘yildi.