Olimlar yangi turdagi koronavirusga qarshi vaksinalarning ilk sinovlarini amalga oshirmoqda. Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti rahbari Tedros Gebreyesusga tayanib, “RBK” xabar berdi.

Foto; Reuters

“Vaksinalarning dastlabki sinovlari koronavirusning genetik ketma-ketligi taqiq qilinganidan 60 kun o‘tishi bilan boshlangan edi. Bu aqlbovar qilmas yutuq”, — deydi Gebreyesus.

JSST rahbarining so‘zlariga ko‘ra, butun dunyo bo‘ylab koronavirus bilan kasallanganlar soni 200 ming kishidan, vafot etganlar soni esa 8 mingdan oshgan. Kasallikni yuqtirganlarning asosiy qismini (80 foizi) Yevropa va Osiyo-Tinch okeani mintaqasida istiqomat qiluvchi fuqarolar tashkil etmoqda.

So‘nggi bir sutka ichida butun dunyoda 11,5 kishida koronavirus aniqlangan. 17-martga kelib Yevropaning barcha davlatlarida koronavirus qayd etilgan va Yevropa Ittifoqi virusga qarshi kurashish maqsadida xorijliklarning tashirifini 30 kunga cheklab qo‘ydi.

Avvalroq Vashington shtatining Sietl shahridagi Salomatlik tadqiqotlar institutida koronavirusga qarshi vaksinalarni sinovdan o‘tkazish boshlangani haqida xabar berilgandi. Sinovlarda 45 nafar ko‘ngilli fuqaro ishtirok etmoqda, ularga shu kunlarda bitta va bir oydan keyin ikkinchi vaksina dozalari yuboriladi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi aniqlangan bemorlar soni 18 nafarga yetdi.