“Soyuzmultfilm” rahbari Yuliya Slashcheva “Senimi, shoshmay tur!” multserialining yangi epizodlari zamonaviy tomoshabinlar uchun qayta taqdim etish rejalashtirilayotganini ma’lum qildi, deb xabar beradi “Kinopoisk”.

Foto: “Kinopoisk”

Slashchevaning so‘zlariga ko‘ra, ular Quyon va Bo‘ri tarixini nafaqat o‘zgartirish, balki bosh qahramonlarni zamonaviylashtirish niyatida.

“Bu uning klassik ma’nodagi davomi bo‘lmaydi. ‘Senimi, shoshmay tur!’ — bu texnik jihatdan o‘zgartirilgan, biroq serial qahramonlari va g‘oyasi saqlanib qolgan holda to‘liq qaytadan taqdim etiladigan varianti. Yangi syujetlar bo‘ladi, zamonaviy uslubda suratga olinadi va qayta ko‘rib chiqiladi, ikkinchi darajali yangi personajlar paydo bo‘ladi”, — deydi Slashcheva.

Multfilmning yangi qismlarini yaratishda kvazi-3D texnikasidan foydalanilib, ularni maksimal darajada orginal uslubiyatiga yaqinlashtirishga harakat qilinadi. Shu bilan birga multfilm janri o‘zgarishsiz qoladi.

“Senimi, shoshmay tur!” qahramonlarini ovozlashtirishga taniqli aktyorlar jalb etilishi kutilmoqda.

Multserial 6—8 yoshli tomoshabinlarga mo‘ljallangan, har bir seriyaning xronometraji esa 7 daqiqa bo‘ladi. Jami 52 ta epizodni taqdim etish rejalashtirilgan.

Ma’lumot uchun, “Senimi, shoshmay tur!” multfilmining birinchi qismi 1969-yil may oyida ekranlarga chiqqan. Jami 20 ta qism suratga olingan.