O‘zbekistonda epidemiologik vaziyat hozirda barqaror va nazorat ostida bo‘lsa-da, xavf to‘la bartaraf etilgan deyishga hali erta. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktori Bahrom Almatov “Daryo” muxbiriga bergan qisqa intervyusida aytib o‘tdi.

Foto: “Daryo”

20-mart kuni soat 20:00 holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda 33 nafar fuqaroda koronavirus infeksiyasi aniqlangan. Mamlakatning bosh davlat sanitariya vrachining so‘zlariga ko‘ra, infeksiyani yuqtirib olganlarning 90 foizi birinchi va ikkinchi kasallanish holatlari qayd etilganidan so‘ng nazoratga olingan shaxslardir.

“O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlarning 90 foizi nazoratimizda turgan, avval aniqlagan birinchi va ikkinchi bemorlar bilan muloqotda bo‘lgan shaxslardir. Hukumatimiz tomonidan o‘z vaqtida ko‘rilgan choralar natijasida bu kasallikning tarqalib ketishiga yo‘l qo‘yilmadi”, — dedi Almatov.

“Lekin epidemiologik jarayon davom etmoqda. Epidemiologik vaziyat hozirgi kunda barqaror, nazorat ostida. Lekin baribir xavf bor. Shundan kelib chiqib, ko‘rilayotgan choralarni yanada kuchaytirib boryapmiz”, — deya qo‘shimcha qildi agentlik rahbari.

Avvalroq Bahrom Almatov O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasini yuqtirib olgani aniqlangan ilk bemorlar sog‘aya boshlagani haqida ma’lum qilgan edi.