Shavkat Mirziyoyev 20-mart kuni Qozog‘istonning birinchi prezidenti – Nursulton Nazarboyev bilan telefon orqali muloqot qildi, deb xabar bermoqda Prezident matbuot xizmati.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Qayd etilishicha, suhbat avvalida ikki mamlakat yetakchilari bir-birlarini hamda qardosh O‘zbekiston va Qozog‘iston xalqini yaqinlashib kelayotgan Navro‘z bayrami bilan tabrikladi.

Shuningdek, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish, shuningdek, uning barqaror ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotga hamda ko‘p qirrali O‘zbekiston—Qozog‘iston munosabatlarining bugungi sur’atiga salbiy ta’sirini kamaytirish borasida ko‘rilayotgan qat’iy chora-tadbirlar to‘liq qo‘llab-quvvatlandi.

Hukumatlar darajasida sa’y-harakatlarni samarali muvofiqlashtirish va yaqindan hamkorlikni davom ettirish muhimligi qayd etildi.

Muloqot chog‘ida ikki tomonlama munosabatlarning dolzarb jihatlari ham ko‘rib chiqildi, mintaqaviy hamkorlik va xalqaro ahamiyatga molik masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Ma’lumot uchun, Qozog‘istonda koronavirusni yuqtirib olganlar soni 49 nafarga yetgan. Mamlakatda ommaviy tadbirlar bekor qilindi, maktab o‘quvchilari ta’tilga ertaroq chiqdi, davlat organlariga xorijga xizmat safariga chiqish taqiqlandi. Fuqarolarga qo‘l berib ko‘rishmaslik tavsiya qilindi. Mamlakatda koronavirus tarqalishi munosabati bilan 16-martdan 15-aprelga qadar favqulodda holat rejimi joriy qilindi. Bu davrda qozog‘istonliklar mamlakatni tark eta olmaydi (xorijga davolanish uchun ketayotganlardan tashqari).

O‘zbekistonda esa koronavirusga chalinganlar soni 33 nafarga yetdi. Prezident koronavirus pandemiyasining aholi turmushi va iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta’sirini yumshatish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi. O‘zbekiston Musulmonlari idorasi koronavirus daf bo‘lishi uchun tavsiya qilingan duolar va amallarni e’lon qildi. Ko‘ngilli dasturchilar tomonidan esa koronavirus haqida ma’lumot beruvchi o‘zbek tilidagi sayt ishga tushirildi.

Avvalroq Shavkat Mirziyoyev koronavirusga qarshi kurash masalasini Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart Toqayev va Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov bilan ham muhokama qilgandi.