AQSh prezidenti Donald Tramp COVID-19 koronavirusiga qarshi gidroksixloroxin, ya’ni bezgakni davolashda ishlatiladigan preparat sinovdan o‘tkazilishi mumkinligini ma’lum qidli. Bu haqda News Week xabar bergan.

Foto: Al Jazeera

“Quvonarli jihati ushbu dori anchadan beri mavjud va hammasi biz kutgandek chiqmagan taqdirda ham preparat hech kimni o‘ldirmaydi”, — degan Tramp.

Amerika davlat rahbarining fikricha, preparat birinchi bosqichda hayratlanarli natijalar ko‘rsatgan.

“Ushbu dori samara bersa uni tezkorlik bilan hamma sotib oladigan darajaga yetkazmoqchimiz”, — degan AQSh davlat rahbari.

Tramp shuningdek, “Remdesevir” preparati ham koronavirusga qarshi kurashda foydali bo‘lishi mumkinligi haqida ham gapirgan.

AQShning kasalliklardan ogohlantirish va ularni nazorat qilish markazi (CDC) ma’lumotiga ko‘ra, mamlakatda 10,4 ming nafar odam infeksiyani yuqtirib olgan va 150 nafar kishi undan vafot etgan. Markaz 50 va undan ortiq odam ishtirok etadigan barcha tadbirlarni bekor qilish yoki boshqa muddatga ko‘chirishni tavsiya etgan. Kasallanganlar orasida respublikachilardan bo‘lgan kongressmen — Mario Dias-Balart ham bor.