O‘zbekiston Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktori Bahrom Almatov Ukrainada koronavirusga qarshi ta’sir kuchiga ega preparat yaratilgani haqidagi gap-so‘zlarga izoh berdi, deb yozmoqda “Kun.uz”.

Foto: “Uzdaily.com”

“Nafaqat Ukrainada, balki butun dunyoda virusga to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir qiladigan hech qanday vosita aniqlanmagan. Shunchaki, virusli kasalliklarga qarshi kurashda yordam beradigan va immunitetni oshiradigan boshqa dorilar yaxshi yordam bermoqda.

Xitoy tajribasidan kelib chiqib, yaxshi samara beradigan dori vositalari, standartlar joriy qilinyapti. O‘zbekiston tibbiyot olimlari ham Xitoy tajribasidan foydalangan holda davolash standartlarini yaratgan. Bugungi kunda qayd etilgan bemorlar o‘sha standartlar asosida davolanmoqda”, — deydi Almatov.

O‘zbekistonning bosh sanitariya vrachi koronavirusdan tuzalish ko‘rsatkichlari haqida ham ma’lumot bergan.

“Koronavirusdan kelib chiqayotgan o‘lim ko‘rsatkichlari dunyoda 3 foizdan 7 foizgacha. Bu ko‘rsatkichlar o‘sha davlatda kasallikning tarqalganlik darajasiga bog‘liq.

Virusning L, C formalari mavjud. O‘lim darajasi shu formalar va bemorning immuniteti, uning umumiy holati va yoshi, yashash sharoitlariga bevosita bog‘liq.

93 foizgacha holatlarda kasallikdan sog‘ayish kutiladi. O‘lim holati maksimum 7 foizgacha. Hozirgacha kasallanganlarning 60 foizidan ortig‘i sog‘aygan”, – deya ma’lumot bergan Bahrom Almatov.

Avval Almatov virusning yashirin davrida – kasallik belgilari chiqmasa ham yuqish qobiliyatiga ega ekanligi amaliyotda kuzatilgani, COVID-19 tashuvchilarining epidemiologik ahamiyati yuqori ekanligini aytib o‘tgandi.

O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar soni 43 nafarga yetgan, vatanga qaytish uchun murojaat qilgan fuqarolar soni ma’lum qilingan, shuningdek, O‘zbekistonda karantin davrida har bir fuqaroga haftasiga 300 ming so‘mdan berilishi haqidagi xabarlar rad etilgan. Shuningdek, hukumatning 65 yoshdan oshganlarga ko‘chaga chiqmaslikni tavsiya qilgani, jamoat joylarida niqobsiz yurish taqiqlangani 25-martdan boshlab niqobsiz yurganlar jarimaga tortilishi, O‘zbekistonda tibbiy niqob tanqisligini keltirib chiqarganlarga qat’iy choralar ko‘rilishi hamda Toshkentdagi barcha korxona va muassasalarga ishchilarni ta’tilga chiqarish haqida topshiriq berilgan va ish masofadan turib tashkil etilishi mumkin.  Poytaxt hokimligi Toshkentda dehqon bozorlari, supermarket va shifoxonalar yopilmasligi hamda odatdagi rejimda faoliyat olib borishini bildirgan. Toshkentga kirishdagi YPX postlarida mashinalar dezinfeksiya qilinmoqda.