O‘zbekistonda COVID-19 koronavirusi tarqalishini oldini olish chora-tadbirlari doirasida tibbiy niqoblar qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilinishi mumkin. Bu haqda Moliya vazirligi ma’lum qilgan.

Foto: “Daryo”

“Moliya vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirining 2020-yil 20-martdagi “Tibbiy buyumlar ro‘yxatiga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida”gi 114-sonli buyrug‘iga bilan yuz niqoblari Tibbiy buyumlar ro‘yxatidan chiqarilishi munosabati bilan, yuz niqoblarni olib kirish, ishlab chiqarish, tayyorlash va realizatsiya qilishda soliqqa tortish bo‘yicha quyidagilarni ma’lum qiladi:

Yuz niqoblari Tibbiy buyumlar ro‘yxatidan chiqarilishi soliqqa tortish masalasi bilan bog‘liq bo‘lmaganligi, ularni ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirish ko‘zlangani uchun mazkur buyumlar Tibbiy buyumlar sifatida ta’riflanib, O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 243-moddasiga muvofiq qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod etiladi.

Yuz niqoblarni bepul berish iqtisodiy jihatdan o‘zini oqlaydigan holat hisoblanib, ushbu aylanma qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod etiladi”, – deyilgan Moliya vazirligi matbuot xizmati xabarida.

Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda kuniga 2 million dona tibbiy niqob ishlab chiqarilmoqda.

Avval O‘zbekistonda tibbiy niqob tanqisligini keltirib chiqarganlarga qat’iy choralar ko‘rilishi, jamoat joylarida niqobsiz yurish taqiqlanayotgani, 25-martdan boshlab niqobsiz yurganlar jarimaga tortilishi va Toshkentda 22-martdan avtobus, metro va “marshrutka”lar harakati to‘xtatilgani haqida xabarlar berilgan.