Toshkentdagi oqshom liboslari do‘koni egasi, tadbirkor Yulduz Mavlonova ayni paytda “Sokol” lagerida karantinda saqlanmoqda. Tadbirkor Instagram’dagi sahifasida karantin davrini qay tarzda o‘tkazayotgani haqida so‘zlab berdi.

Foto: Instagram / @yulduz_mav

“Hammaga salom, qisqa vaqtga internet paydo bo‘lib qoldi. Biz — Moskva shahridan kelgan 500 kishi hozirda ‘Sokol’ lagerida karantindamiz. Birinchi kecha biroz qiyin o‘tdi. Lekin hozir bizga hamma sharoitni qilib berishdi. Prezidentimizga rahmat, yaxshi ovqatlantirishyapti, tabiat go‘zal, havo toza. Bu yerda bizga juda yaxshi qarashyapti”, — deydi Yulduz Mavlonova.

Avvalroq Moskvadan Toshkentga yetib kelgan 500 ga yaqin o‘zbekistonliklar Bo‘stonliq tumani “Qizilsuv” mahallasi “Sokol” sport-sog‘lomlashtirish markaziga 14 kunga karantinga olingani, biroq fuqarolar ushbu muassasada sharoitlar yo‘qligidan shikoyat qilgani haqida xabar berilgan edi.

Eslatib o‘tamiz, hozirga qadar O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirish bilan bog‘liq 42 ta holat qayd etildi. Koronavirus infeksiyasi keng tarqalib ketishining oldini olish uchun poytaxtda ayrim cheklovlar o‘rnatilmoqda. Xususan, Toshkentda 22-martdan avtobus, metro va marshrutkalar harakati to‘xtatildi. Poytaxtdagi barcha korxona va muassasalarga ishchilarni ta’tilga chiqarish haqida topshiriq berildi. Ish masofadan turib tashkil etiladi.