Toshkent shahar hokimligi 22-martdan boshlab Toshkent shahrida jamoat transporti harakati to‘xtatilgach aholi orasida tarqala boshlagan turli mish-mishlar yuzasidan rasmiy ma’lumot berdi.

Foto: “Daryo”

“Aholining kundalik ehtiyoji inobatga olingan holda dehqon bozorlari, supermarketlar, oziq-ovqat do‘konlari, shifoxonalar, poliklinikalar, dorixonalar, turli taomlarni yetkazib berish xizmatlari faoliyati to‘xtatilmaydi. Ular avvalgi tartibda ishlashni davom ettiradi.

Odamlardan koronavirusning keng tarqalmasligini oldini olish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar ularning salomatligi va xavfsizligi uchun ekanligini tushunishlarini, o‘zlari va yaqinlarini ehtiyot qilishlarini, shifokorlar tavsiyalariga to‘liq amal qilishlarini iltimos qilamiz”, – deyiladi hokimlik matbuot xizmati bergan bildirishda.

O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar soni 43 nafarga yetgan, vatanga qaytish uchun murojaat qilgan fuqarolar soni ma’lum qilingan, shuningdek, O‘zbekistonda karantin davrida har bir fuqaroga haftasiga 300 ming so‘mdan berilishi haqidagi xabarlar rad etilgan. Shuningdek, hukumatning 65 yoshdan oshganlarga ko‘chaga chiqmaslikni tavsiya qilgani, jamoat joylarida niqobsiz yurish taqiqlangani 25-martdan boshlab niqobsiz yurganlar jarimaga tortilishi, O‘zbekistonda tibbiy niqob tanqisligini keltirib chiqarganlarga qat’iy choralar ko‘rilishi hamda Toshkentdagi barcha korxona va muassasalarga ishchilarni ta’tilga chiqarish haqida topshiriq berilgani, ish masofadan turib tashkil etilishi haqida xabarlar berilgan.