AQSh hukumati qamoqxonalarda koronavirus tarqalishining oldini olish maqsadida minglab mahbuslarni ozod qilmoqda. Bu haqda Wall Street Journal gazetasiga tayanib, “RIA Novosti” xabar bermoqda.

Foto: AP Photo

Xabarda aytilishicha, Pensilvaniya, Michigan, Nyu-York, Vashington va Kolumbiya okrugi qamoqxonlaridagi xodimlar koronavirus yuqtirib olgan bo‘lib, bu mahbuslarning ham kasallanishiga olib kelgan. Nyu-Yorkning o‘zida 30 dan ortiq mahbus koronavirusga chalingan.

Kaliforniya, Nyu-York, Texas va kamida yana o‘nta shtatlardagi qamoqxonalarda koronavirus tarqalishidan xavotirlanib, og‘ir bo‘lmagan jinoyatlar sodir etgan mahbuslar, shuningdek, keksa yoki kasal mahbuslar ozod qilinadi.

“Biz eshiklarni ochmaymiz va mahbuslarga ketishiga ruxsat bermaymiz. Kichik jinoyatlar sodir etgan, xavfli bo‘lmagan jinoyatchilarni topib, qamoqxonada sog‘liq uchun xavf darajasi yuqori bo‘lgan holatlarni ko‘rib chiqyapmiz”, — degan Ogayo shtatidagi Kayaxoga okrugi sudining ma’muriy huquq bo‘yicha sudyasi Brendan Shixan.

Bundan tashqari, butun AQShdagi aksariyat qamoqxona xodimlari mahbuslarga uchrashuvni, harakatlanishni cheklab, ishchilarni tekshiruvdan o‘tkazmoqda.

Jons Xopkings universiteti ma’lumotlariga ko‘ra, AQShda koronavirusga chalinganlar soni 31 mingdan oshib ketgan, 390 kishi vafot etgan. AQSh koronavirus tarqalishi bo‘yicha Xitoy va Italiyadan keyin uchinchi o‘rinda bo‘lib turibdi.

O‘zbekistonda esa koronavirusga chalinganlar soni 46 nafarga yetdi.