Qozog‘istonda karantin sabab qattiq maishiy chiqindilarni tashishda muammolar yuzaga keldi. Blokpostlardagi tirbandliklar chiqindi tashuvchi mashinalarning chiqindi poligonlariga qatnashini qiyinlashtirmoqda, deb xabar beradi Fergana News.

Foto: Fergana News

“Shahar aholisining aksariyat qismi uyda bo‘lgani sabab qattiq maishiy chiqindilar kuniga 800 tonnadan 1600 tonnaga qadar oshgan. Chiqindilarni tashish ishlari kuchaytirilgan rejimda amalga oshirilmoqda. Avvallari chiqindilar 270 ta maxsus texnika orqali tashilgan bo‘lsa, hozirda ularning soni 330 taga yetkazilgan. Xodimlar soni mingdan oshgan”, — deyiladi shahar ma’muriyati xabarida.

Shuningdek, shahar hokimligining ta’kidlashicha, chiqindi tashuvchi texnikalarda ishlovchi xodimlarning xavfsizligini ta’minlash maqsadida ularga antiseptik vosita, niqob va qo‘lqoplar tarqatilmoqda.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Qozog‘istonda koronavirus bilan kasallanganlar soni 52 kishiga yetgan. Ulardan 22 nafari Olmaotada, 28 nafari Nur-Sultonda va 2 nafari Qarag‘anda shahrida.

Hukumat epidemiologik vaziyat barqarorlashgunga qadar turistik obyektlarni yopish va sayyohlik tashkilotlari faoliyatini to‘xtatib turishga qaror qilinganini ham eslatib o‘tgan.

Bundan avval mamlakatda ommaviy tadbirlar bekor qilindi, maktab o‘quvchilari ta’tilga ertaroq chiqdi, davlat organlariga xorijga xizmat safariga chiqish taqiqlandi. Fuqarolarga qo‘l berib ko‘rishmaslik tavsiya qilindi.