O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi 23-mart, dushanba kuni, “Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni qabul qildi. Qaror bilan O‘zbekiston hududida 24-mart, seshanba kuni, soat 00:01 dan boshlab koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kuchaytirilgan tartib joriy etiladi.

Tartibga ko‘ra, birinchi bosqichda Toshkent shahrida, keyinchalik bosqichma-bosqich Nukus shahri, viloyat va tuman markazlarida joylashgan barcha yirik dehqon bozorlari va savdo majmualari (supermarket, gipermarketlar va boshqalarda) kirish-chiqish joylari tegishli mutaxassislar bilan ta’minlagan holda teplovizorlar va antiseptik vositalari bilan jihozlanadi.

Savdo va xizmat ko‘rsatish tashkilotlari Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi va uning hududiy bo‘linmalari yoki boshqa tashkilotlar bilan shartnomalar tuzish yo‘li orqali dezinfeksiya vositalari bilan ta’minlanadi.

Shuningdek, Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda joylashgan dehqon bozorlaridan tashqari barcha bozorlarning faoliyati to‘xtatiladi.