Samarqandda ko‘chalarda niqobsiz yurgan odamlar ogohlantirib chiqilmoqda. Bu haqda Samarqand IIB matbuot xizmati xabar qilgan.

Foto: Samarqand IIB matbuot xizmati

“Bugundan e’tiboran butun mamlakat bo‘ylab jamoat joylarida shaxsiy himoya vositalari (niqob)siz yurgan shaxslarga “ogohlantirish” berilishi belgilab qo‘yilgan.

Samarqand viloyati Ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan xodimlar zaruriyat yuzasidan ko‘chaga, bozorlarga, savdo shoxobchalariga chiqqan shaxslar o‘rtasida bu borada targ‘ibot ishlarini olib bormoqda.

Foto: Samarqand IIB matbuot xizmati

Fuqarolar, jumladan, xodim va ishchilar o‘z ish joyida shaxsiy himoya vositalari (niqob)da bo‘lishi, shuningdek, karantin qoidalarini buzganlarga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda jazo choralari qo‘llanilishi hamda 25-mart kuni soat 06:00 dan boshlab shunday qoidabuzarlik qayd etilsa, bazaviy hisoblash miqdori (BHM)ning bir barobari miqdorida, mazkur holat yana qaytariladigan bo‘lsa, BHMning 3 barobari miqdorida jarima qo‘llanilishi haqida alohida tushuntirishlar berilmoqda”, — deyiladi xabarda.

Avval O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar soni 46 nafarga yetgani, Toshkent viloyatidagi barcha buyum bozorlari yopilishi, Toshkent shahriga kirish 24-mart kuni soat 00:01 dan boshlab taqiqlanishi, shuningdek, Xorazm va Qashqadaryoda jamoat transportlari harakati to‘xtatilgani, Namanganda esa Damas’lar harakati cheklangani haqida xabarlar berilgan.