23-mart holatiga ko‘ra, Toshkent viloyatida koronavirus infeksiyasi aniqlangan fuqarolar soni 9 nafarni tashkil etdi. Bu haqda Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmati xabar berdi.

Foto: “Daryo”

Viloyatda infeksiya tarqalishining oldini olish maqsadida 8-martdan 9-mart kuniga o‘tar kechasi Janubiy Koreyadan kelgan 181 nafar fuqaro Qibray tumanidagi “Bo‘ston” sanatoriysiga joylashtirilgan. Ular 14 kunlik karantin muddati tugashi munosabati bilan 22-mart kuni karantindan chiqarilgan.

21-mart, shanba kuni, 243 nafar Rossiyadan kelgan fuqaro “Nazarbek” sihatgohiga joylashtirildi. Ularga 4 nafar shifokor, 1 nafar epidemiolog, 3 nafar hamshira, 8 nafar kichik tibbiy xodim, 2 nafar dezinfektor tibbiy nazorat uchun safarbar etildi.

Qayd etilishicha, 23-mart kunida viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida 101 nafar bemor bo‘lib, ular muntazam ravishda tibbiy nazoratga olingan.

Sog‘liqni saqlash vazirligining ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasini yuqtirib olganlar soni 46 nafarga yetgan.