Xitoydagi Xalqaro qizil xoch qo‘mitasi vitse-prezidenti Sun Shuopen Italiyada koronavirusga qarshi yetarli choralar ko‘rilmaganini aytdi. Bu haqda South China Morning Post’ga tayanib, “Gazeta.ru” xabar bermoqda.

Foto: Getty Images

“Milanda, pandemiyadan eng ko‘p aziyat chekkan hududda, qat’iy blokirovka yo‘q: jamoat transporti hali ham ishlamoqda, odamlar erkin harakatlanib yuribdi, birga ovqatlanmoqda, mehmonxonalarda yig‘ilish va o‘tirishlar o‘tkazmoqda va niqob taqishmayapti”, — deya koronavirusga qarshi kurashishda yordam berish uchun Milanga kelgan shifokor Italiya hukumatining xatolariga ishora qildi.

Uning aytishicha, italiyaliklar kasallik tarqalishini kamaytirish uchun o‘zlarining kundalik odatlaridan voz kechishi kerak. “Bilmayman, bu yerda odamlar nimani o‘ylaydi. Biz haqiqatan ham o‘zimizning iqtisodiy faoliyatimiz va odamlar bilan o‘zaro munosabatimizni to‘xtatishimiz kerak”, — deya so‘zlarini yakunlagan Sun Shuopen.

Xabarda aytilishicha, Italiyaga qo‘yilgan ayblovlarga qaramay, mamlakat Yevropa davlatlari orasida birinchilardan bo‘lib Xitoy bilan aviaqatnovlarni to‘xtatgan edi. Bu 30-yanvar kuni Xitoyda kasallanganlar soni 9,5 ming, Italiyada esa 2 ta bo‘lgan vaqtda amalga oshirilgandi. Kasallanganlarning har ikkisi ham Xitoydan kelgan fuqarolar bo‘lgan.

23-fevralga kelib esa mamlakatda kasallanganlar soni 79 nafarga yetganida Italiya bosh vaziri o‘rinbosari Juzeppe Konte Lombardiya va Venetoda karantin joriy qilgandi. 8-martda ular qatoriga yana 14 ta provinsiya qo‘shildi. Oradan ikki kun o‘tib, mamlakatda koronavirusdan aziyat chekayotganlar soni 9 172 kishiga yetgani ma’lum qilinganidan keyin butun mamlakat bo‘ylab karantin e’lon qilingan.

Italiyaga koronavirus rasman yanvar oyi oxirida kirib kelgan. Ammo ayrim shifokorlar infeksiya mamlakatda bundan ancha oldin paydo bo‘lgan, degan fikrda. “Virus, ehtimol, uzoq vaqdan beri aylanib yurgan. Bu bizda aynan gripp avj olgan paytga to‘g‘ri kelgan va odamlar shifokorlarga mavsumiy gripp belgilarini aytgan”, — degan Italiya sog‘liqni saqlash instituti xodimi Flaviya Rikkardo.

Bugungi kunda italiyaliklarning 46 mingdan ortig‘i koronavirusga chalingan. Mamlakatda bir sutka davomida kasallanganlar soni 651 kishidan 5 476 kishiga ko‘tarilgan.

22-mart holatiga ko‘ra, butun dunyoda koronavirus bilan kasallanganlar soni 307 mingdan oshib ketgan. 13 ming nafar odam vafot etgan, 92,3 ming nafar odam tuzalgan. Infeksiya Xitoydan tashqari jahonning yana 167 mamlakatida kuzatilgan.

O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar soni 46 nafarga yetdi. Fuqarolar xavfsizligini ta’minlash maqsadida bugun karantinga olingan obyektlarda Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari kun-u tun xizmat faoliyatini olib bormoqda.