Koronavirus tarqalishining oldini olish maqsadida 22-martdan Toshkentda jamoat transportlariga qo‘yilgan vaqtinchalik taqiq 23-martdan boshlab qator viloyatlarda ham turli shakllarda amal qila boshlaydi. 23-martdan boshlab yangi cheklovlar kiritilishi hozircha Xorazm, Qashqadaryo va Namangan viloyatlarida rasman e’lon qilindi.

Foto: “Daryo”

Xorazm viloyati hokimligi matbuot xizmatining xabar berishicha, 23-martdan boshlab Xorazm viloyatida tumanlararo yo‘nalishlardagi avtobus va yo‘nalishli taksi qatnovlari harakati to‘xtatiladi.

“Urganch va Xiva shaharlarida avtobus qatnovlari 70 foizga qisqartirilgan holda amalga oshiriladi. Boshqa barcha tumanlardagi avtobus qatnovlari to‘xtatiladi. Jamoat transporti o‘rniga vaqtincha viloyat Sanitariya epidemiologiya osoyishtalik markazi (SEOM) tomonidan maxsus dezinfeksiya qilingan taksilar harakatlanadi. Har bir yo‘nalishsiz taksiga SEOM tomonidan dezinfeksiya qilingani haqida ma’lumotnoma beriladi. Shuningdek, barcha taksi egalaridan yo‘l haqini sun’iy ravishda oshirib yubormay, narxlarni mo‘tadil saqlash so‘raladi”, — deyiladi xabarda.

Shuningdek, 23-martdan boshlab Qashqadaryo viloyati hududida ham mulkchilik shaklidan qat’i nazar barcha tashuvchilar tomonidan yo‘nalishli marshrutlar (avtobuslar, mikroavtobuslar, Damas)da qatnovlar vaqtincha to‘xtatiladi.

Namangan viloyati hokimining farmoyishi bilan, 23-martdan boshlab viloyat hududida yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi, mulkchilik shaklidan qat’i nazar Damas rusumli avtotransport vositalarining Namangan shahri hududida harakatlanishi vaqtinchalik to‘xtatiladi.

Farmoyishga asosan, shahar hududida avtobus, mikroavtobus va yo‘nalishsiz taksi transport vositalarini kunlik dezinfeksiya qilgan holda faoliyatga chiqishlari qat’iy belgilab qo‘yiladi. Viloyatning tegishli tashkilotlariga jamoat transporti (avtobus, mikroavtobus) va yo‘nalishsiz taksilarni kunlik dezinfeksiya qilgan holda faoliyatga chiqishini ta’minlash vazifasi yuklatilgan.

Avvalroq 24-martdan boshlab viloyatlardan Toshkent shahriga va poytaxtdan viloyatlarga jamoat transporti qatnovlari to‘xtatilishi rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi.

O‘zbekistonda 23-mart holatiga ko‘ra, koronavirusga chalinish bilan bog‘liq 45 ta holat aniqlangan. Mamlakatda 21-martdan oshxona va choyxonalar, barcha ko‘ngilochar muassasalar faoliyati to‘xtatilgan, 23-martdan so‘ng to‘ylar o‘tkazilishi taqiqlanadi. Rasmiylar aholidan zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmaslikni, karantin tartibiga rioya etishni so‘ramoqda.