Fransiyaning Balenciaga va Yves Saint Laurent brendlari ustaxonalarida tibbiy niqoblar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Meduza’ning yozishicha, bu haqda ushbu brendlarga egalik qiluvchi Kering korporatsiyasi ma’lum qilgan.

Foto: “Media.az”

Qayd etilishicha, niqoblarni ishlab chiqarish jarayonida xodimlar sog‘lig‘ini saqlash bo‘yicha qat’iy choralar ko‘riladi. Ishlab chiqarish hukumat tomonidan tasdiqlanganidan so‘ng amalga oshiriladi.

Korporatsiya, shuningdek, Fransiya sog‘liqni saqlash vazirligiga Xitoydan sotib olingan 3 millionta niqoblarni taqdim etadi. Bundan tashqari, COVID-19 koronavirus infeksiyasi bo‘yicha tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash uchun Paster institutiga xayriya qilgan.

Koronavirus pandemiyasi fonida LVMH konserni Christian Dior, Givenchy va Guerlain brendlariga atir ishlab chiqaruvchi 3 ta fabrikada mart oyining o‘rtalarida qo‘l sanitariya vositalarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydi. LVMH, shuningdek, Xitoydan sotib olingan 10 millionta niqoblarni Fransiyada tarqatmoqchi.

H&M kompaniyasi 22-mart kuni kasalxonalarga niqob va tibbiyot qo‘lqopi kabi individual himoya vositalarini yetkazib berishini ma’lum qilgan.

Fransiyada koronavirus epidemiyasi kuchayib, uchinchi darajaga o‘tdi. 17-martdan boshlab Fransiya kamida ikki hafta davomida odamlar harakatiga qat’iy cheklovlar qo‘ydi. Mamlakatda kafelar, restoranlar, kinoteatrlar va nooziq-ovqat do‘konlar yopilgan. Dorixonalar, oziq-ovqat do‘konlari, banklar, yonilg‘i quyish shoxobchalari va tamaki do‘konlari ochiq qolmoqda.