Buyuk Britaniyada koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi chora-tadbirlar doirasida umummilliy karantin joriy etildi. Bu haqda mamlakat bosh vaziri Boris Jonsonga tayanib, BBC xabar qiladi.

Foto: Axar

Jonsonning ta’kidlashicha, 23-martdan boshlab mamlakatdagi oziq-ovqat va birlamchi zarur mahsulotlar bilan savdo qiladigan do‘konlardan tashqari barcha do‘konlar yopiladi. Shuningdek, madaniy muassasalar, bolalar maydonchalari va ibodatxonalar ham yopiladi; dafndan boshqa marosimlarni o‘tkazish to‘xtatiladi.

Britaniyaliklarga uydan faqat biror nima xarid qilish yoki jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanish, shuningdek, davolanish yoki masofadan turib bajarib bo‘lmaydigan ishga borish uchun chiqishga ruxsat etiladi. Ikki kishidan ortiq insonning bir joyda to‘planishi (birga yashayotgan oila a’zolaridan tashqari) taqiqlanadi.

Politsiya zimmasiga ushbu choralarga rioya qilmagan fuqarolarni jarimaga tortish vazifasi topshirilgan. Jonsonning so‘zlariga ko‘ra, cheklovlar uch hafta davomida amalda bo‘ladi, hukumat keyinroq uni yumshatishi mumkin.

Hozirda Buyuk Britaniya koronavirus bilan kasallanganlar soni bo‘yicha Yevropa davlatlari orasida oltinchi o‘rinda (Italiya, Ispaniya, Germaniya, Fransiya va Shveysariyadan keyin) turibdi. Mamlakatda 5 mingdan ortiq odam virus yuqtirib olgan bo‘lib, ularning 200 dan ortig‘i vafot etgan.

O‘zbekiston Vazirlar Mahkmasi 23-mart kuni koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qarorni qabul qilgan. Unga ko‘ra, O‘zbekistonda 24-martdan boshlab dehqon bozorlaridan tashqari barcha bozorlarning faoliyati to‘xtatiladi. Toshkentda favqulodda holat joriy etib, karantinni nazorat qilishga armiyani qisman safarbar etish taklif etildi.