Hindistonda odamlarni koronavirus infeksiyasidan “to‘liq izolyatsiya” qilish uchun 21 kunlik karantin e’lon qilindi. Bu haqda bosh vazir Narendra Modi xalqga qilgan murojaatida ma’lum qildi, deb yozmoqda Reuters.

Foto: AP Photo

Modining qo‘shimcha qilishicha, cheklovlar 25-martga o‘tar kechasi amal qilishni boshlaydi. Hukumat odamlarga uydan chiqishni to‘liq taqiqlaydi.

“Hindiston shunday bosqichda turibdiki, bunda bizning harakatlarimiz ushbu ulkan falokat ta’sirini kamaytirishda ko‘p narsani hal etadi”, — deya ta’kidlagan Narendra Modi.

India Today’ning yozishicha, hukumat rahbari sog‘liqni saqlash sohasini qo‘llab-quvvatlashga 150 milliard rupiy (1,9 milliard dollar) ajratishni ham va’da bergan. Pullar koronavirus testlariga hamda himoya vositalarini xarid qilishga sarflanadi.

JSST ma’lumotiga ko‘ra, 24-mart holati bo‘yicha Hindistonda koronavirus yuqtirib olish bo‘yicha 450 ta holat kuzatilgan va 7 nafar odam infeksiya keltirib chiqargan kasallikdan vafot etgan. Davlat pandemiya sabab 15-aprelgacha viza berishni vaqticha to‘xtatgan, lekin “kechiktirib bo‘lmaydigan” sabablar kuzatilsa, so‘rovni qayta ko‘rib chiqishi mumkin.