Namangan va Andijon viloyatlarida IIB YHXB xodimlari tomonidan koronavirus kasalligini tarqalishini oldini olish borasida qo‘shni viloyatlar bilan chegaradosh hududlarda karantin postlari tashkil etildi.

Foto: IIV YHXBB axborot xizmati

Xususan, Andijon viloyatining qo‘shni Farg‘ona va Namangan viloyatlari bilan chegaradosh hududlarida 7 ta karantin postlari tashkil etildi.

Ushbu postlarda viloyat hududiga kirib kelayotgan barcha turdagi transport vositalari va ularning haydovchilari hamda yo‘lovchilari bilan tushuntirish ishlari olib borilib, transport vositalari dezinfeksiyadan o‘tkazilmoqda. Bundan tashqari, haydovchi va yo‘lovchilarga xavfli virus tarqalishini oldini olish maqsadida niqoblar tarqatilmoqda.

Foto: IIV YHXBB axborot xizmati

Foto: IIV YHXBB axborot xizmati

Shuningdek, Namangan shahar markaziga olib kiruvchi jami 8 ta — “Angor”, “Axsikent”, “Oromgoh”, “Go‘zal”, “Kurashxona”, “Taxtako‘prik”, “Eshovot” va “G‘irvon” karantin postlari tashkil etildi.

Ta’kidlanishicha, Namangan viloyati IIB YHXB, JTSB va PPXB xodimlari, “Daryotrans” vakillari, Milliy gvardiya xizmatchilari, FVB va Sog‘liqni saqlash boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda xizmat tashkil etilib, COVID-19 koronavirus infeksiyasining oldini olish, virusga qarshi keskin choralar ko‘rish, shaxsiy gigiyena talablariga so‘zsiz rioya etish va bartaraf etish bo‘yicha transport vositalarini dezinfeksiyalash va tushuntirish chora-tadbirlari kuchaytirilgan.

Avvalroq Qamchiq dovonida transportlar harakati to‘xtatilgani haqida xabar berilgandi. Transport vazirligi tomonidan Toshkent shahriga respublikaning barcha hududlaridan kirish va Toshkent shahridan respublikaning barcha hududlariga chiqishni har qanday transport vositalarida 24-mart kuni soat 00:01 dan boshlab to‘xtatish bo‘yicha qaror qabul qilingan, shuningdek, 22-martdan Toshkent shahri hududida barcha jamoat transporti — avtobus, metro va yo‘nalishli taksilar harakati vaqtinchalik to‘xtatilgan.