Qizg‘iziston hukumati poytaxt va yirik shaharlarda kommendantlik soati joriy etdi, deb xabar bermoqda “RBK”.

Foto: “TASS”

Qayd etilishicha, Qirg‘iziston prezidenti So‘ronboy Jeenbekov COVID-19 koronavirus infeksiyasi tarqalgani tufayli 25-martdan boshlab mamlakat poytaxti Bishkek va yirik shaharlar bo‘lmish O‘sh va Jalolobodda, shuningdek, uning atrofidagi tumanlarda favqulodda holat joriy etish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

Famonga ko‘ra, barcha shaharlar aholisiga:

  • soat kechki 8 dan keyin ko‘chaga chiqish taqiqlandi;
  • asosli sabablarsiz o‘z xohishiga ko‘ra ishdan bo‘shash taqiqlanadi;
  • ommaviy yig‘ilishlar, sport va boshqa ommaviy tadbirlarni o‘tkazish, shuningdek, ish tashlashlar, mitinglar, namoyishlar va piketlar o‘tkazish taqiqlandi;
  • “mavjud vaziyatni keskinlashtirish uchun foydalanilishi mumkin bo‘lgan” OAVlar ustidan nazorat qilinadi;
  • aloqadan foydalanish bo‘yicha alohida qoidalar joriy etiladi;
  • transport harakati cheklanadi.

Qayd etilishicha, kommendantlik soatida ko‘chada mahalliy vaqt bilan soat 20:00 dan 07:00 gacha bo‘lish taqiqlanadi. Jamoat transporti 07:00 dan 19:00 gacha ishlaydi. Chetdan kelganlar esa poytaxtni yarim tungacha tark etishi lozim bo‘ladi. Komendantlik soatiga rioya qilmaganlar, harbiy xizmatchilar va militsiya xodimlariga bo‘ysunmaganlar javobgarlikka tortiladi.

24-mart holatiga ko‘ra, Qirg‘izistonda COVID-19 bilan kasallanishning 42 ta holati aniqlangan.

Avvalroq Qirg‘izistonda un va makaronlarning olib chiqib ketilishi taqiqlangani xabar berilgan edi.