Saudiya Arabistonining Madina shahrida koronavirus infeksiyasi keltirib chiqargan birinchi o‘lim holati qayd etildi. Bu haqda mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligi vakilining Twitter’dagi sahifasiga asoslanib, Saudi Gazetta nashri xabar qilgan.

Foto: Al Jazeera

Vazirlik vakilining so‘zlariga ko‘ra, vafot etgan bemor kelib chiqishi afg‘onistonlik fuqaro.

Uning aytishicha, qirollikda 24-mart holati bo‘yicha COVID-19 koronavirusi bilan kasallanganlar soni 676 nafarga yetgan.

Avval Saudiya Arabistoni qiroli koronavirus tarqalishining oldini olish maqsadida qirollikda soat 19:00 dan 06:00 ga qadar komendantlik soati e’lon qilinishi haqidagi farmonni imzolagandi. Ushbu vaqt davomida barcha joylarda xavfsizlik xizmati xodimlari navbatchilik qiladi, fuqarolarga faqat zarurat bo‘lgan taqdirdagina uylaridan chiqishga ruxsat etiladi.

Saudiya Arabistonidagi Al-Harom va Nabaviy Masjidida ham jamoat namozlari o‘qilishi to‘xtatilgandi, avvalroq mamlakatda jamoat namozlari o‘qilishi vaqtincha to‘xtatilgandi.