Istanbulda qalbaki alkogol mahsulotlarini iste’mol qilib zaharlanishdan vafot etganlar soni 37 nafarga yetdi. Bu haqda “Xronika Turkmenistana” xabar bergan.

Foto: “Xronika Turkmenistana”

Avval OAVda zaharlanib o‘lganlar sonining 26 nafardan ko‘p emasligi haqida xabarlar berilgandi. “Xronika Turkmenistana” nashrining yozishicha, endi zaharlanganlarning umumiy soni va halok bo‘lganlarning necha kishi ekani haqida aniq axborot berilgan.

Nashr manbalarining aytishicha, 13-mart kuni kasalxonaga jami 61 nafar Turkmaniston fuqarosi olib kelingan, 24 nafar bemor jonlantirish bo‘limlariga yotqizilgan. Qalbaki alkogol mahsulotlarini sotganlikda gumon qilinayotgan shaxslar ham hibsga olingan, so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, ular orasida 11 nafar Turkmaniston va yana bir nechta Turkiya fuqarolari bor.

Turkiya politsiyasi surishtiruvdan keyin alkogolning “Baliqchi” turkman arog‘i idishlarida bo‘lganini ma’lum qilgan. Aslini olganda idishlarda suv aralashtirilgan metil spirti qadoqlangan. Soxta qadoq qog‘ozlari Turkiya hududida chop etilgan.

Shuningdek, jurnalistlar vafot etgan odamlarning qarindoshlari jasadlarni Turkmanistonga olib kela olmayotganini ham aniqlagan. Vaziyat Turkiya va Turkmaniston o‘rtasidagi COVID-19 pandemiyasi sabab aviaparvozlarning to‘xtatilishi oqibatida yanada chigallashgan. Ayrim OAVlar Turkmaniston fuqarolarining kontrafakt aroqni koronavirusga qarshi yordam beradi degan umidda ichgani haqida yozgan.

Halok bo‘lganlarni Istanbuldagi Kilyos qabristoniga dafn qilish boshlangan. 21-mart holatiga ko‘ra, ekskavatorda jami yettita qabr kavlangan va bu hali hammasi emas. Yangi qazilgan qabrlarning aksariyatida faqat raqamlar mavjud, lekin jurnalistlar qabriston ma’muriyatidan o‘lganlarning ayrimlari haqidagi ma’lumotlarni olishga muvaffaq bo‘lgan — Farmon Yazduriyev, Nurmurod Ereshev, Normurod Egamberdiyev, Asqar Allanazarov, Rasulla Muhmmetsharipov, Hayitboy Befov, Eresh Guziyev, Xudoynazar Xudoyquliyev, Murod Murodov, Azamat Do‘smetov.

Halok bo‘lganlarning qarindoshlari Turkmaniston hukumatiga jasadlarni mamlakatga olib kelish yuzasidan murojaat qilgan. Ularning aksariyatiga migrantlarning COVID-19 dan o‘lgani va murdalar yoqib yuborilgani aytilgan. Biroq bu haqdagi hujjatlar talab etilganda, qo‘pol ohangda muhojirlarning o‘z xohishi bilan Turkiyaga ketgani va davlatning ulardan qarzdor emasligi bildirilgan. Amaldorlar muhojirlarning qarindoshlariga aviaparvozlar qayta tiklanishini kutish, so‘ngra Turkiyaga borib kerakli hujjatlarni rasmiylashtirishni taklif qilgan. Shuningdek, Turkmaniston elchixonasi xodimi Murat Ishankuliyev Turkiya OAV jurnalistlaridan turkmanlarning ommaviy ravishda zaharlangani haqida axborot tarqatmaslikni so‘ragan. U bu kabi materiallar do‘stona emasligini ta’kidlagan, ammo jurnalistlar ushbu bayonotni javobsiz qoldirgan.