2020-yilda jahon iqtisodiyotini 2008—2009-yillardagi global moliyaviy inqiroz davridagiga qaraganda chuqurroq pasayish kutmoqda. Bu haqda Xalqaro valyuta jamg‘armasi rahbari Kristalina Georgiyeva ma’lum qildi.

Foto: Today

“2020-yilga mo‘ljallangan global o‘sish prognozi salbiy — retsessiya global moliyaviy inqiroz davrida bo‘lganidek yoki undan ham yomonroq. Ammo 2021-yilda qayta tiklanish ro‘y berishini kutmoqdamiz”, — deyiladi Georgiyevaning bayonotida.

XVJ rahbarining so‘zlariga ko‘ra, iqtisodiyotning qayta tiklanish tezligi koronavirusga qarshi kurashish samaradorligiga bog‘liq bo‘ladi: pandemiya qanchalik tez to‘xtatilsa, iqtisodiy o‘sish shunchalik tez va barqaror bo‘ladi.

Shuningdek, Georgiyevaning ta’kidlashicha, koronavirus oqibatida qiyinchiliklarga, asosan, rivojlanayotgan davlatlar duch kelishi kutilmoqda.

Avvalroq O‘zbekistonda koronavirus sababli yuzaga keladigan iqtisodiy muammolarga qarshi kurashish uchun 10 trillion so‘m ajratilishi haqida xabar berilgandi.