Yevropa va Osiyo birjalari 24-martda kunni o‘sish bilan yakunladi. AQShda ham fond savdolari asosiy indekslarning o‘sishi bilan yopildi, deya xabar bermoqda Meduza.

Foto: Reuters

Bir kunlik o‘sish sur’ati bo‘yicha Dow Jones sanoat indeksi 1933-yildan beri, S&P 500 keng bozor indeksi esa 2008-yildan beri kuzatilmagan rekordni etdi. Har ikkala indeks mos ravishda 11,4 foiz va 9,4 foizga o‘sgan. NASDAQ indeksi 8,1 foizga ko‘tarildi.

The Wall Street Journal’ning yozishicha, fond bozorlari AQSh Kongressi koronavirus epidemiyasi sharoitida qiymati ikki trillion dollarga teng inqirozga qarshi choralar paketini ma’qullashiga umid qilib, o‘ziga xos optimizm ko‘rsatgan.

AQSh Kongressi ko‘rib chiqayotgan Iqtisodiy rag‘batlantirishlar to‘plami, jumladan, daromadi belgilangan darajadan past bo‘lgan millionlab amerikaliklarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri pul berishni nazarda tutadi. Bunda ehtiyojmandlarga 1200 dollardan va har bir farzandi uchun yana 500 dollardan pul beriladi.

Demokratlar ko‘zda tutilgan tadbirlar kasalxonalar va ishsizlarning yetarli darajada moliyalashtirilishini ta’minlay olmaydi, deb hisoblab, inqirozga qarshi choralar paketini ma’qullashni ikki bor rad etgan edi. Biroq 24-mart kuni Kongressdagi demokratlar va respublikachilar paketni tasdiqlash arafasida ekanligi ma’lum bo‘ldi.