Hindiston dunyoning eng yirik kinosanoatlaridan biriga egalik qiluvchi mamlakat hisoblanadi. U tashkil etilganiga 100 yildan oshgan hamda bu muddat ichida Bollivud ko‘plab rekord natijalarga erishgan. “Bolliwoodtime.ru” Ginnesning rekordlar kitobiga kiritilgan hind filmlari haqida ma’lumot berdi.

Hindiston kinosanoati — bir yil ichida eng ko‘p kino ishlab chiqargani uchun rekord o‘rnatgan

Foto: “Bolliwoodtime.ru”

Hindistonda bir yilda 800 tadan 1000 tagacha badiiy filmlar suratga olinadi. Bu Gollivudda suratga olinadigan filmlardan ikki baravar ko‘p degani.

2009-yilda Hindistonda 24 ta tilda 1288 ta film taqdim etilgan. Ushbu ko‘rsatkich tufayli Hindiston kinosanoati Ginnesning rekordlar kitobiga kiritilgan.

“Sevaman, deb ayt” — Eng ko‘p mukofot olgan film

Foto: “Bolliwoodtime.ru”

Ushbu film juda ko‘p mukofot bilan taqdirlangani uchun 2002-yilda Ginnesning rekordlar kitobiga kiritilgan. 2000-yilda suratga olingan Ritik Roshan va Amisha Patelning debyut filmi muvaffaqiyatli blokbasterga aylandi va umumiy hisobda 92 ta mukofotni qo‘lga kiritdi.

“Xotiralar” (Yaadein, 1964) — Bir nafar aktyor rol ijro etgan film

Foto: “Bolliwoodtime.ru”

Rejissor va prodyuser Sunil Dattning ushbu filmida bosh rolni uning o‘zi ijro etgan. Jahon kinematografiyasida bir nafar aktyor ishtirok etgan birinchi va yagona film. Nargis Datt filmning oxirgi sahnasida soya sifatida namoyon bo‘ladi.

PiKey (2014) — Bollivudning birinchi eng kassabop filmi

Foto: “Bolliwoodtime.ru”

Amir Xon bosh rolni ijro etgan “PiKey” filmi 2014-yilda namoyish etilgach, Hindiston tarixidagi eng muvaffaqiyatli film deb tan olingan. Film 6,22 milliard rupiy yoki 101,2 million dollar daromad keltirgan. “PiKey” 2015-yilda Ginnesning rekordlar kitobiga kiritilgan.

Keyinroq ushbu rekordni yana 4 ta Bollivud filmi yangilagan: “Baxubali: Ibtido”, “Kurash”, “Robot 2”, “Baxubali: Intiho”. “PiKey” hozirgi kunga qadar eng kassabop hind filmlari beshligida qolmoqda.

“Baxubali: Ibtido” — Dunyodagi eng yirik afishaga ega film

Foto: “Bolliwoodtime.ru”

Rejissor Rajamoulining ushbu filmi 2015-yilda eng katta afishasi bilan rekord o‘rnatgan. Afisha 4 793,65 metr kvadrat o‘lchamga ega bo‘lgan. Bungacha ushbu rekord Akshay Kumarning “Xo‘jayin” filmiga tegishli bo‘lgan.

 “Sevgi va Xudo”— Bollivudning eng uzoq vaqt suratga olingan filmi

Foto: “Bolliwoodtime.ru”

“Sevgi va Xudo” filmining suratga olish ishlari 1960-yilda boshlangan hamda 1986-yilda yakunlangan. Filmning muhabbat haqidagi sahnalari suratga olinayotgan paytda bosh rol ijrochisi Guru Datt vafot etgan. Keyin rejissor uni Sanjiv Kumar ishtirokida qayta suratga olishni boshlaydi. Biroq 1971-yilda uning o‘zi vafot etadi. 1986-yilda rejissorning bevasi filmni suratga olishni yakunlab, namoyishni o‘tkazgan. Ushbu film eng uzoq muddatda suratga olingan hind filmi sifatida rekord o‘rnatgan.

 “O‘g‘irlanmagan kelin” — Kinoteatrda eng uzoq muddat namoyish etilgan film

Foto: “Bolliwoodtime.ru”

Bollivudning eng romantik ushbu filmi kinoteatrda eng uzoq muddat namoyish etilgan film sifatida Ginnesning rekordlar kitobiga kiritilgan. U ekranga chiqqan yili, ya’ni 1995-yildan boshlab 10 yil davomida 2005-yilgacha uzluksiz namoyish etilgan.

“Zulmat” (Tamas, 1988) — Kinoteatrda namoyish etilgan eng uzoq davom etuvchi film

Foto: “Bolliwoodtime.ru”

Ushbu film Bollivudning eng uzoq vaqt davom etuvchi filmi sifatida rekord o‘rnatgan. Filmning davomiylik vaqti 4 soat-u 34 daqiqani tashkil etadi.

Filmda Om Puri, Dipa Saxi, Amrish Puri va Pankaj Kapur kabi taniqli aktyorlar rol ijro etgan.