Italiyada COVID-19 pandemiyasi sababli joriy etilgan karantin qoidalarini buzganlik uchun jarima miqdori oshirildi. “RBK”ning yozishicha, bu haqda matbuot anjumanida bosh vaziri o‘rinbosari Juzeppe Konte ma’lum qilgan.

Foto: AFP

“Biz koronavirus tarqalishini oldini olish bo‘yicha joriy etilgan karantin qoidalarini buzganlik uchun jarimani 400 yevrodan 3 ming yevrogacha oshirishga qaror qildik”, — degan Konte.

Shunday qilib jarima miqdori avvalgisidan 10 baravarga oshdi. Avvalroq 206 yevro miqdorida jarima undirilgan.

Italiya TIV ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda karantin qoidalarini buzish bo‘yicha 60 mingta holat aniqlangan. Kontening so‘zlariga ko‘ra, cheklov choralari haqidagi qaror hukumat vakolati doirasida amalga oshirilgan. U mahalliy boshqaruv organlariga umumiy qoidalar doirasida alohida kuchaytirilgan choralar ko‘rishga ruxsat bergan.

So‘nggi sutka davomida Italiyada koronavirusdan 743 kishi vafot etdi. Umumiy hisobda Italiyada virusdan vafot etganlar soni 6 820 kishiga yetdi. Shu bilan birga, kasallikdan tuzalganlar soni 894 kishidan 8 326 kishigacha oshgan.

O‘tgan bir sutka ichida dunyo bo‘ylab qariyb 40 ming kishida koronavirus aniqlandi. Pandemiya boshlangandan buyon koronavirus yuqtirib olganlarning umumiy soni 372 757 kishiga yetgan. Jons Hopkins universiteti ma’lumotlariga ko‘ra, bemorlar soni ko‘pligi bo‘yicha yuqori beshlikdan Xitoy, Italiya, AQSh, Ispaniya va Germaniya joy olgan.

O‘zbekistonda esa koronavirusga chalinganlar soni 55 kishiga yetdi. To‘rt bemorning ahvoli og‘ir.