Liviyada koronavirusga chalinishning dastlabki holati qayd etildi. “RBK”ning yozishicha, bu haqda Tripolidagi Kasalliklarni nazorat qilish milliy markazi ma’lum qilgan.

Foto: Reuters

Kasallangan bemor haqida boshqa ma’lumotlar keltirilmagan. Reuters’ning xabar berishicha, koronavirusga chalingan bemor poytaxt kasalxonalaridan biriga yotqizilgan.

Dunyo bo‘yicha COVID-19 koronavirus pandemiyasiga chalinganlar soni 400 ming kishidan oshib ketdi. Jons Hopkins universiteti ma’lumotlariga ko‘ra, bemorlar soni ko‘pligi bo‘yicha yuqori beshlikdan Xitoy, Italiya, AQSh, Ispaniya va Germaniya joy olgan.

Kuni kecha Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) rahbari Tedros Gebreyesus koronavirusning tarqalish sur’ati o‘sib borayotganidan ogohlantirgan edi. U kasallikka qarshi kurash ishlarini muvofiqlashtirish va tibbiy anjomlar ishlab chiqarishni oshirish taklifi bilan G20ga kiruvchi barcha mamlakatlar rahbarlariga murojaat qilishini ma’lum qilgan edi.

O‘zbekistonda esa koronavirusga chalinganlar soni 55 kishiga yetdi. To‘rt bemorning ahvoli og‘ir.