O‘zbekiston Markaziy banki Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyalariga ko‘ra, to‘lovlarni amalga oshirishda naqd pullardan foydalanish virus tarqalishiga olib keluvchi kanallardan biri bo‘lishi mumkinligini ma’lum qildi. Markaziy bank plastik kartalardan foydalanganda ularni spirt bilan artib turish lozimligini qayd etib o‘tdi.

Markaziy bankning ta’kidlashicha, hozirda ayrim savdo nuqtalarida tovarlarni onlayn xarid qilish, to‘lovlarni naqd pulsiz shaklda amalga oshirish, mobil ilovalar orqali kommunal va ayrim bir martalik to‘lovlarni to‘lash imkoniyatlari yaratilgan.

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda karantin davrida aholi va tadbirkorlik subyektlariga:

  • to‘lovlarni naqd shaklda amalga oshirish va qabul qilishdan cheklanish;
  • naqd pulsiz (shu qatorda kontaktsiz to‘lov kartalari orqali) hisob-kitoblardan keng foydalanish va foydalanilgan bank kartasini tibbiyot spirti yoki boshqa antiseptik vositalar bilan artib, dezinfeksiya qilib turish;
  • shuningdek, to‘lovlarni amalga oshirishda imkon qadar banklarning masofaviy xizmatlaridan, jumladan, internet-banking, mobil ilovalari hamda to‘lov tashkilotlarining dasturlaridan keng foydalanish tavsiya qilinadi.