Moskvada koronavirusning yengil alomatlari aniqlangan bemorlar uy sharoitida davolanishlari mumkin. Bu haqda Moskva Sog‘liqni saqlash departamenti tomonidan tasdiqlangan COVID-19ni davolash to‘g‘risidagi reglamentda so‘z boradi.

Foto: Kapital-rus

Mazkur reglament 30-martga qadar amalda bo‘ladi. Unga ko‘ra agarda bemorning tana harorati 38,5 darajadan past, nafas olish tezligi daqiqasiga 30 dan ko‘p, qonning kislorod bilan to‘yinganligi 93 foizdan ortiq, nafas olish jarayoni erkin bo‘lsa, bu kabi bemor yengil kasallangan hisoblanadi.

Yuqoridagi alomatlarning birortasi normadan ortiq bo‘lsa, bemor shifoxonaga jo‘natiladi. Shuningdek, u xavf ostida bo‘lgan guruhga kirsa (65 yoshdan oshgan, surunkali kasalliklar, homiladorlik) yoki xavf ostida bo‘lgan odamlar bilan yashasa kasalxonaga yotqiziladi.

Uyda davolanish paytida ularga lopinavir va ritonavir, ko‘p miqdordagi suyuqlik va isitma tushiruvchi dorilar ichish buyurilmoqda. Bemorlarda hech qanday alomatlar kuzatilmasa va ikki marta koronavirusga topshirgan testlari qoniqarsiz chiqsa, tuzalgan hisoblanadi. Testlar orasi kamida 48 soatni tashkil etadi.

Avvalroq rossiyalik boylar ommaviy ravishda o‘pkaga sun’iy nafas yetkazib beruvchi apparatlar sotib olayotgani haqida xabar berilgandi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiyada 495 kishida koronavirus aniqlangan bo‘lib, ularning 290 nafari Moskva shahrida.

Eslatib o‘tamiz, 16-martdan boshlab O‘zbekiston koronavirus sabab avia va avtoqatnovlarni to‘xtatdi. Xorijdagi O‘zbekiston fuqarolarini olib kelish bo‘yicha charter reyslar amalga oshiriladi. Uzbekistan Airways 24-mart kuni Toshkent—Moskva—Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha charter qatnovlarni amalga oshirdi.