Karantin qoidalariga amal qilmay, o‘zi rahbarlik qilayotgan choyxonalar faoliyatini davom ettirgan ikki qashqadaryolik, shuningdek, Qashqadaryodagi karantin hududidan qochishga uringan namanganlik fuqaroning har biri 1,11 million so‘mdan jarima to‘laydigan bo‘ldi.

Namangan viloyatida yashovchi, Rossiyadan poyezd orqali qaytgach Qarshi shahridagi karantin obyektiga joylashtirilgan fuqaro M.A. 21-mart, shanba kuni, obyektdan qochishga uringan vaqti qo‘lga olingani haqida avval xabar berilgan edi.

Shuningdek, O‘zbekistonda 21-martdan oshxona va choyxonalarni epidemiologik vaziyat barqarorlashguniga qadar yopish haqidagi ko‘rsatmaga qaramay, Qarshidagi “Kolorado” va “Saxovat” choyxonalari 21-mart oqshomida ham ishlashda davom etgani aniqlangan.

Qashqadaryo viloyat IIB axborot xizmati rahbari Iroda Rasulovaning “Daryo”ga ma’lum qilishicha, ikki choyxonachi va karantindan qochgan fuqaroning ishi 22-mart, yakshanba kuni, Qarshi shahar ma’muriy sudida ko‘rib chiqilgan.

Sudlanuvchilar Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 54-moddasi (epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzish) bilan aybli deb topilib, bazaviy hisoblash miqdorining besh baravari (1 115 000 so‘m) miqdorida jarimaga tortilgan.