Qozog‘istonda yana yetti kishida koronavirus aniqlandi. Bu haqda mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligiga tayanib, Tengrinews xabar berdi.

Foto: Tengrinews

“Koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish bo‘yicha yana 7 ta holat: Olmaotada — 2, Nur-Sultonda — 5 nafar fuqaroda qayd etildi”, — deyiladi idora xabarida.

Shunday qilib, 25-mart holatiga ko‘ra, Qozog‘istonda koronavirus bilan kasallanganlar soni 79 kishiga yetgan.

Avvalroq Nur-Sultonda karantin vaqtida cheklovlar kuchaytirilgani, shaharga kirib-chiqish to‘liq yopilib, blokpostlar o‘rnatilgani haqida xabar berilgandi. Qozog‘istonda koronavirus tarqalishi munosabati bilan 16-martdan 15-aprelga qadar favqulodda holat rejimi joriy qilingan.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan bir sutka ichida dunyo bo‘ylab 39 827 kishida koronavirus aniqlangan. O‘zbekistonda esa koronavirusga chalinganlar soni 55 kishiga yetdi. To‘rt bemorning ahvoli og‘irligi aytilmoqda.